2020-yil 12-aprel kuni Toshkentda COVID-19 sabab joriy etilgan umumiy karantin paytida yordamga muhtoj bo’lgan odamlar uchun bepul psixologik maslahat xizmati yaratildi. Imkoniyati cheklangan shaxslar yoki moddiy qiyinchilikka duch kelganlar va oiladagi zo’ravonlik qurbonlari karantin davrida ushbu ishonch telefoni orqali bepul yordam olishlari mumkin.
Bepul psixologik maslahatni 36.000 obunachilarga ega bo’lgan “Azizam” telegram kanali orqali va #1197 ishonch telefoni (ichki 4 raqami psixologik ko’mak uchun) orqali olish mumkin. Ushbu xizmat O’zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ko’maklashish uchun tashkil etilgan.
Ushbu og’ir damlarda Toshkent shahar aholisining ruhiy salomatligini, shu jumladan hissiy, psixologik va ijtimoiy farovonligini himoya qilish juda muhimdir. Ko’rsatilayotgan xizmatlar doirasiga keksalar, nogironlar va moddiy yordamga muhtoj odamlarga ijtimoiy ko’mak, ehtiyojmandlarga ruhiy salomatlik bo’yicha maslahat va oiladagi zo’ravonlikka uchragan ayollarga ko’mak berish kabilar kiradi. Ushbu xizmatning maqsadi - karantin davrida aholining eng nozik qatlamini salomatligi va xavfsizligini ta’minlashdan iboratdir.
Bugungi kunda O’zbekistonda yangi tashkil etilgan maslahat markaziga 500 dan ortiq qo’ng’iroqlar kelib tushdi va ularning asosiy mavzulari - bolalar va ota-onalar o’rtasidagi munosabatlar, umidsizlikka tushish, g’azablanish, infektsiyadan qo’rqish, tor va yopiq joydan
qo’rqishdan iborat. Psixologlar kuniga 50 dan ortiq qo’ng’iroqlarni qabul qilib, ayollarga vahima va qo’rquvni o’z ichiga olgan ruhiy salomatlik masalalari va ulardan himoyalanish bo'yicha maslahat berishmoqda.
Mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash va Ichki ishlar vazirliklari uydagi zo’ravonlik qurbonlariga yordam berish uchun birgalikda ish olib bormoqda. Ichki ishlar vazirligining tezkor guruhi ishonch telefonlari orqali murojaat qilgan jabrlanganlarga birinchi navbatda maslahat berilib, qo’llab-quvvatlanmoqda va lozim topilsa qo’shimcha ko’mak berilmoqda.
Shuni ta’kidlash joizki, barcha qo’ng’iroqlar maxfiy sir tutilib, hech qaysi shikoyatlar qolib ketmasligi uchun suhbatlar yozib olinmoqda.
Aholining zaif qatlami a’zolarini ijtimoiy va psixologik qo’llab-quvvatlashdan tashqari, biz imkoniyati cheklanganlarga ham yordam ko’rsatmoqdamiz. COVID-19 to’g’risidagi ma’lumotlarni mujassamlashtirgan posterlar Brayl tiliga moslashtirilmoqda, imo-ishora tillari tarjimonlari esa, eshitish qobiliyati past odamlar uchun oynayi jahon orqali ma’lumotlarini tarjima qilib bormoqda.
Endi psixologik maslahatlar haftada bir marta UzReport TV telekanali orqali imo-ishora tarjimasi bilan olib boriladi, shuning bilan aholining barcha vakillari kechki yangiliklar dasturidan so’nggi voqealar bilan tanishish uchun teng imkoniyatga ega bo’ladi. Maslahatlar Mahalla va Oriat Dono radiokanallari orqali ham to’g’ridan to’g’ri uzatilmoqda.