Jiddiy vaqtichog‘lik: Davlat xizmatlari to‘g‘risidagi xabardorlik darajasini o‘yin orqali oshirish
15-July, 2022
Ovqatlanishdan bosh tortayotgan yosh bolaning qornini to‘ydirish ilinjida turli hiylayu o‘yinlardan foydalanish – har bir ota-onaning boshidan o‘tgan! Garchi bu amaliyotni tavsiflashda yuqoridagi misoldan foydalanilmasa-da, «geymifikasiya» deb atalgan mazkur usul yosh bolalarni ovqatlantirish usullari bilangina cheklanib qolmaydi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, geymifikasiya odamlarni yangi xulq-atvor modellarini qabul qilishga rag‘batlantirishda qo‘l keladi. Ayrim kompaniyalar o‘yinlardan muayyan brend to‘g‘risidagi xabardorlik va unga bo‘lgan sodiqlik darajasini oshirish uchun foydalansa, davlat sog‘liqni saqlash tizimi vakillari o‘yinlar orqali sog‘lom ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladi. Xususan, mazkur tamoyildan Shvesiyada avtomobil' yo‘llaridagi tezlikni pasaytirish, Singapurda favqulodda xizmatlar xodimlarini o‘qitish, bir qator boshqa mamlakatlarda esa fuqarolarning raqamli davlat xizmatlaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish uchun foydalanilgan.
BMTTD va BMT tizimiga kiruvchi muassasalar geymifikasiyadan katta muvaffaqiyat bilan foydalanib kelmoqda. Jumladan, BMTning Pulse Lab Jakarta markazi «Translator Gator” til o‘rganish o‘yinidan foydalanib kelayotgan bo‘lib, u ilmiy maqolalarni yozish va ijtimoiy loyihalarni hujjatlashtirish davomida ingliz tilidagi so‘zlarni Indoneziyadagi oltita mahalliy lahjaga tarjima qilish maqsadida yaratilgan. BMTTDning yaqinda ishlab chiqilgan Mission 1.5 ilovasidan esa dunyodagi har bir insonni u iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishda qanday qilib shaxsan ishtirok etishi mumkinligini o‘ylab ko‘rishga undash uchun foydalanilmoqda.
O‘yinlar - odamlarga ijobiy o‘zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchiga aylanishda yordam beradigan ajoyib usuldir.
Xizmatlarga bo‘lgan talabni shakllantirish
Ushbu muvaffaqiyatlardan ruhlangan holda BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi qoshidagi Akselerator laboratoriyasi Adliya vazirligi, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirgan va BMTTDning «Qishloq joylarda davlat xizmatlari ko‘rsatilishini takomillashtirish» qo‘shma loyihasi bilan hamkorlikda «shaharsozlik» mobil o‘yin prototipini yaratdi. Ushbu o‘yin aholining davlat xizmatlari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish va ulardan foydalanish ko‘lamini kengaytirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Hozir mazkur ilovani ishga tushirishning ayni payti. Fuqarolarga samarali xizmat ko‘rsatish O‘zbekiston hukumati tomonidan davlat organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangani natijasida mamlakatda ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari turi va samarasi oshib borish bilan bir qatorda, aholining davlat xizmatlariga bo‘lgan talabi ham ortib bormoqda. Xizmatlardan tez va oson foydalanish imkoniyatlari to‘g‘risida bilish istagida bo‘lganlar soni kundan-kun ko‘paymoqda.
Bir paytlar nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish, tadbirkorlik lisenziyasi yoki shaxsiy ma'lumotlarni olish uchun davlat idoralariga qayta-qayta qatnash, kerak-kerakmas hujjatlarni to‘ldirish, eng muhimi, uzoq-uzoq masofalarga borib-kelish talab qilingan. Bugun esa davlat xizmatlaridan foydalanishda ulkan ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Endi buning uchun O‘zbekiston bo‘ylab, shu jumladan, olis qishloq hududlarida ham faoliyat yuritayotgan 207 ta Davlat xizmatlari markazidan biriga tashrif buyurish yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari onlayn portalida o‘n daqiqa vaqt sarflash kifoya.
Bugungi kunda O‘zbekiston aholisining qariyb 80 foizi internet foydalanuvchisi hisoblanib, tarmoqqa, asosan, mobil telefonlar orqali ulangan. Bu esa mobil ilovalar davlat xizmatlarini targ‘ib qilish va taqdim etishda, xususan, O‘zbekiston aholisining katta qismini tashkil etuvchi va o‘z biznesi, uy xo‘jaligi yoki turmushini yo‘lga qo‘yish uchun xizmatlarga muhtoj bo‘lgan yoshlarni jalb qilishda eng yaxshi vosita bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
Vazifa - shaharni bir kunda qurib bitirish!
Turli xil yondashuv va g‘oyalarni ko‘rib chiqqach, yoshlarga davlat xizmatlari orqali hamjamiyatlarni qanday qilib shakllantirish mumkinligini o‘rgatishning eng maqbul usuli – bu shaharni boshidan oxirigacha qurib chiqishni ularning o‘ziga topshirish, degan qarorga keldik.
Ayni paytda ishlab chiqilib, sinovdan o‘tkazilayotgan va joriy yilning oxirigacha ishga tushiriladigan mobil o‘yinda ishtirokchilar o‘zi yashab turgan shaharning hokimi bo‘lib, ularga fuqarolari baxtli va har tomonlama mazmunli hayot kechirayotgan, yashil va barqaror shahar qurish vazifasi topshiriladi. O‘yinni muvaffaqiyatli yakunlash uchun puxta bilim va rejalashtirish qobiliyati talab etiladi!
Ilovada o‘yinchilarga O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan davlat xizmatlari hamda ulardan har birining ahamiyati to‘g‘risida ma'lumot beriladi. O‘yinda takrorlanadigan xizmatlar suv ta'minoti infratuzilmasi va elektr tarmoqlariga ulanish, qurilish ishlari uchun ruxsatnomalar taqdim etish, kadastr xizmatlari va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Belgilangan qoidalarga rioya qilgan holda, o‘yinchilar xizmat ko‘rsatish jarayoni nimalardan iborat ekani, jumladan, arizalarni ko‘rib chiqish uchun ketadigan vaqt, xarajatlar hamda talab etiladigan shaxsni tasdiqlovchi va boshqa hujjatlar to‘g‘risida ma'lumotga ega bo‘ladi.
Tabiiyki, o‘yin https://my.gov.uz sayti hamda O‘zbekiston bo‘ylab faoliyat yuritayotgan Davlat xizmatlari markazlarida mavjud bo‘lgan davlat xizmatlari turlariga asoslanadi.
O‘yin orqali o‘rganish
O‘yin ishtirokchilari mavjud davlat xizmatlari to‘g‘risida ma'lumot olish bilan bir qatorda, o‘zining elektron hukumat yaratish, gender tengligi va ekologik barqarorlikni mustahkamlash, bandlik darajasini oshirish, uy-joy qurilishi va ish joylarini yaratishdagi o‘rni to‘g‘risida fikr yuritadi.
O‘yinga kiritilgan yo‘naltiruvchilar (triggerlar), xususan, o‘yinchilarga beriladigan savollar, bino qurilishiga doir minimal talablar hamda o‘yin doirasidagi mukofotlash tizimi odamlarning davlat xizmatlari to‘g‘risidagi tasavvurini kengaytirish uchun mo‘ljallangan. Masalan, uglerod tashlanmalari keltirib chiqaradigan zarar o‘rnini qoplaydigan yashil hordiq maskanlarini yaratish kabi minimal ekologik talablarni bajarmasdan turib, o‘yinchi o‘zining tijoriy binosini qura olmaydi.
Shaharning yuragi – unda yashab, ishlaydigan odamlar. Ularning turmush darajasi – munosib ish o‘rinlarining yaratilishi, yashash muhitining toza va ozodaligi, jinsidan qat'i nazar, teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishi - davlat xizmatlaridan foydalanish qulayligiga bog‘liq. Shu tariqa o‘yinchining hokim sifatida qabul qiladigan har bir qarori u rahbarlik qilayotgan shahardagi «turmush darajasi» yoki baxtlilik ko‘rsatkichiga ta'sir qiladi. Mazkur o‘yin orqali biz odamlarga vaqtichog‘lik ulashish bilan bir qatorda, davlat sektori yordamidan qanday qilib samarali foydalanish mumkinligi to‘g‘risida tasavvur hosil qilish imkoniyatini ham taqdim etishni maqsad qilganmiz.
Keyingi qadamlar
Prototipimizning rus va o‘zbek tillaridagi variantlari tayyor bo‘lgach, ular 100 nafar talaba va davlat xizmatlari foydalanuvchilari orasida sinovdan o‘tkaziladi. Foydalanuvchilarning fikr-mulohazalari asosida o‘yindan ko‘zlangan maqsadlarga naqadar erishilganini tahlil qilib chiqish va uni keng ommaga chiqarishdan avval yanada takomillashtirish mumkin bo‘ladi.
O‘yin ishga tushirilgandan so‘ng biz uning ta'sirini turli ko‘rsatkichlar, jumladan, yuklab olishlar va faol foydalanuvchilar soni, o‘yin necha marta o‘ynalgani, ijtimoiy tarmoqlardagi fikr-mulohazalar va onlayn xizmatlardan foydalanish darajasida yuz bergan o‘zgarishlar kabi ko‘rsatkichlar asosida o‘lchaymiz. Mazkur ko‘rsatkichlar vositasida ilovaning qo‘llanishi va ta'sir darajasi o‘lchanish bilan bir qatorda, geymifikasiyaning O‘zbekiston fuqarolarini boshqa usullar orqali jalb qilish borasidagi salohiyati ham namoyon bo‘ladi.
Ushbu o‘yin Akselerator laboratoriyasi bilan «Qishloq joylarda davlat xizmatlari ko‘rsatilishini takomillashtirish» loyihasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida yaratilgan bo‘lib, Laboratoriya hamda Loyiha faoliyati aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, qishloq joylaridagi ayollar, keksa yoshdagilar va nogironlar turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan. Mazkur prototip o‘yin bilan bir qatorda, boshqa eksperimental tashabbuslar ham bor bo‘lib, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida tashkil etilgan ikkita «Innovasiya tayanch nuqtasi» shular jumlasidan. Ularda fuqarolarning davlat xizmatlari samaradorligi to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari jamlanib,
ushbu viloyatlardagi mobil davlat xizmatlarini ishlab chiqishda foydalanish mumkin. Biz bu tashabbuslar doirasida erishilgan natijalarni tahlil qilib, ular O‘zbekistonning barcha fuqarolariga foyda keltirishini ta'minlash maqsadida, ularning qo‘llanish ko‘lamini kengaytiramiz.
Iltimos, «Shaharsozlik» mobil o‘yinimiz to‘g‘risidagi xabarlarni kuzatib boring – u tez orada internet tarmog‘ida paydo bo‘ladi!
Akselerator Laboratoriya, Adham Kuchkarov, Rimma Muxtarova va Jeyms Brindli tayyorlashdi