“Siyosat sohasidagi yetakchi ayol: o‘rnak bo‘ladigan inson” mavzusida motivatsion video uchun eng yaxshi senariy
7-March, 2024
“Siyosat sohasidagi yetakchi ayol: o‘rnak bo‘ladigan inson” mavzusida senariy tanlovi boshlanganini e’lon qilamiz. Tanlov tashkilotchilari Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vazirligidir.
Tanlov maqsadlari quyidagilarga qaratilgan:
- xotin-qizlarning faol siyosiy hayotga qiziqishini oshirish;
- zamonaviy yetakchi ayol obrazini yaratish;
- ijtimoiy faol ayollar, yetakchi ayollar va siyosatchilar haqida jamoatchilikda ijobiy fikrni shakllantirishga ko‘maklashish.
Mazkur videorolik siyosiy partiyalarning xotin-qizlar qanotini 2024-yil oktabr oyida parlament va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda faol ishtirok etishga undashi kutilmoqda. G‘olib bo‘lgan senariydan mamlakat bo‘ylab ko‘plab ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish maqsadida siyosat sohasidagi yetakchi ayol haqida 3-5 daqiqalik motivatsion video yaratish uchun asos sifatida foydalanish rejalashtirilgan.
Senariy tili
Quyidagi tillardan birida yozilgan senariylar ko‘rib chiqiladi:
- o‘zbek
- rus
Senariylar 2024-yil 17-mart soat 23:59 gacha (Toshkent vaqti bilan) qabul qilinadi. Ushbu muddatdan keyin jo‘natilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
Taqdim etilgan senariylarni baholash uchun jamiyatning turli qatlamlari, jumladan, mavzular bo‘yicha ekspertlar, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillaridan tashkil topgan hakamlar hay’ati shakllantiriladi.
Taqdim etilgan ishlarni baholash mezonlari
- Mavzuga aloqadorligi.
- Dolzarbligi va ijtimoiy ahamiyati.
- Sujet taqdimotidagi oddiylik va tushunarlilik.
- Hikoyaning mantiqiyligi va izchilligi, gender stereotiplarining yo‘qligi.
- Ijodiy yondashuv.
- Nomining o‘ziga jalb etuvchanligi.
- Personajlarning yorqinligi va o‘ziga xosligi.
- Sujetning yorqinligi va o‘ziga xosligi.
- Innovatsionlik.
- Davomiyligi 3 dan 5 daqiqagacha.
G‘oliblar quyidagi tartibda taqdirlanadi:
1-o‘rin – noutbuk
2-o‘rin – planshet
3-o‘rin – elektron kitob (elektron kitob o‘qish qurilmasi)
Tanlovda faoliyat turi va ish tajribasidan qat’iy nazar, mamlakatimizning barcha hududlaridan istalgan yoshdagi O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etishi mumkin. Professional va havaskor senariy yozuvchilar ishlari qabul qilinadi.
Tanlovda hakamlar hay’ati a’zolari, tashkilotchilar, homiylar va ularning oila a’zolari ishtirok eta olmaydi.
Ishtirokchining arizasida quyidagi ma’lumotlar/hujjatlar bo‘lishi shart:
- Ishtirokchining to‘liq ismi.
- Pasport yoki ID-karta nusxasi.
- Telefon raqami.
- Elektron pochta manzili.
Yuqoridagi sanab o‘tilgan barcha maʼlumotlar/hujjatlar senariy bilan birga 2024-yil 17-mart soat 23:59 dan kechiktirmay gender.equality.undp@gmail.com elektron pochtasiga yuborilishi shart.