BMTTD Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda O‘zbekiston hukumatiga islom moliya vositalari uchun qulay muhitni rivojlantirishga yordam bermoqda
17-September, 2024
2024-yil 13-sentyabr kuni BMT Taraqqiyot Dasturi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “O‘zbekiston kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida asosiy davlat organlari o‘rtasida fikr almashish maqsadida. “O‘zbekistonda islom moliyasining joriy etilishi: imkoniyatlar va muammolar” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi. Tadbirda asosiy manfaatdor tomonlarning 30 dan ortiq vakillari, jumladan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Adliya vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, yetakchi tadqiqot markazlari va boshqalar ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati mamlakatda islom moliyasini joriy etishdan manfaatdorligi va uni amalga oshirishga intilishini bildirdi. Bu hukumatning bir nechta qarorlari va milliy taraqqiyot strategiyalarida ko‘rsatib o‘tilgan va o‘z aksini topgan. Ushbu ish doirasida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) "O‘zbekistonda kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Bu loyihada islomiy qimmatli qog‘ozlar - sukuk haqida alohida bob mavjud. Shu bilan bir vaqtda, O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Markaziy bank hamda Islom taraqqiyot banki (ITB) ko‘magida mamlakatda Islomiy bank tizimini joriy etish bo‘yicha qonunchilik bazasini ishlab chiqmoqda. Hozirda mazkur hujjatlar loyihalari hukumat tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Islom moliya vositalari, shu jumladan sukuk rivojlanish uchun moliyalashtirishni jalb qilishning yangi istiqbolli vositasiga aylandi. Sukuk vositalari nafaqat musulmon mamlakatlarida, balki butun dunyoda tobora ko‘proq e’tirof etilmoqda. Fitch Ratings ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning 1-choragi yakuniga ko‘ra, bozorda muomalada bo‘lgan sukuklarning umumiy hajmi 867 milliard AQSH dollaridan oshdi.
"Yashil" sukuk - bu yangi turdagi sukuk bo‘lib, u ekologik jihatdan barqaror loyihalarni, masalan, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, energiya va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, qattiq chiqindilarni boshqarish moliyalashtirish uchun ishlatiladi. “Yashil” sukuk o‘zining ikki tomonlama afzalligi tufayli, ya’ni BRMni moliyalashtirishning muqobil vositasi va iqlim o‘zgarishiga qarshi choralarni qo‘llab-quvvatlash vositasi sifatida juda muhimdir.
Davra suhbatining asosiy maqsadi "O‘zbekistonda kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun loyihasi taqdimoti bo‘lib, unda islom (sukuk) qimmatli qog‘ozlarini joriy etish bilan bog‘liq boblarga urg‘u berildi, sukuk, “yashil” sukuk va islom banki uchun qulay muhitni rivojlantirish maqsadida amaldagi qonunchilikka taklif etilayotgan o‘zgartirishlar, shuningdek, ularni joriy etish bilan bog‘liq imkoniyatlar va mavjud muammolar muhokama qilindi.
ILMA, BMT Taraqqiyot Dasturi va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mutaxassislari tegishli taqdimotlar bilan chiqish qildilar, so‘nggi tadbirlar haqida so‘zlab berdilar va munozarani o‘tkazishga ko‘maklashdilar. Muhokama davomida tadbir ishtirokchilari asosiy masalalar, jumladan, hukumat, xususiy sektor va jamoatchilikning islom moliyasi bo‘yicha xabardorligini oshirish va salohiyatini rivojlantirish muhimligi yuzasidan fikr almashishdi. Islom moliyaviy vositalarini joriy etish jarayonida ularning raqobatbardoshligiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan soliqqa tortish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Umuman olganda, davra suhbati asosiy manfaatdor tomonlarga mamlakatda islom moliyasi ekotizimi uchun tegishli me’yoriy-huquqiy bazani ishlab chiqish bo‘yicha o‘z fikrlari va tavsiyalarini bo‘lishish uchun noyob imkoniyat yaratdi.
Ushbu tadbir BMT Taraqqiyot dasturi, ILMA va ITBning 2021-yildan buyon amalga oshirilayotgan "O‘zbekistonda "yashil" sukuklar uchun qulay muhitni rivojlantirish" qo‘shma tashabbusining doirasida o‘tkazilib, tegishli qonunchilik, institutsional va me’yoriy bazani ishlab chiqish, shuningdek, ushbu sohadagi milliy salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.