O‘zbekistonning uglerod izini kamaytirish va o‘zining iqlim bilan bog’liq bo‘lgan maqsadlariga erishish yo’lidagi intilishlarini inobatga olgan holda, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va energiya samaradorligini oshirish kechiktirib bo’lmaydigan vazifalarga aylandi. Mo‘l quyosh va shamol resurslari, xalqaro ko‘mak va texnologik yutuqlar tufayli O‘zbekiston o‘zining energetik landshaftini o’zgatrirish va barqaror kelajakka yo‘l ochish uchun noyob imkoniyatlarga ega. Biroq, shunday maqsadga erishish uchun barcha manfaatdor tomonlarning, shu jumladan, siyosatchilar, investorlar va xususiy sektorning birgalikdagi sa'y-harakatlari talab etiladi. Bu maqolada O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energetika va energiya samaradorligini yaxshilash muammolari va imkoniyatlarini ko‘rib chiqiladi hamda yanada sof va farovon kelajak sari qadamlarni jadallashtirish bo‘yicha yechimlar taklif qilinadi.
O‘zbekiston tog‘-kon, qayta ishlash va resurslarni qazib olish sanoati tufayli so‘nggi o‘n yillik davrda g’aroyib iqtisodiy o‘sishga erishdi. Biroq, bunday o'sish omadsizliklardan xoli emas. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat energiya uchun qazib olinadigan yoqilg‘idan foydalanish va sanoat sektorining yuqori darajada energiyatalabligi tufayli havoga issiqxona gazlarini chiqarish jadalligi bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinni va Yevropa va Markaziy Osiyoda eng yuqori o‘rinni egallaydi.
Joriy yilning qish davrida O‘zbekistonda minglab odamlar anomal sovuq havo vaqtida qariyb ikki hafta davomida ishonchli energiya ta’minotisiz yashashga majbur bo’ldi. Energiya ta’minotidagi uzilishlar eskirib qolgan infratuzilmaning zaifligini va mavjud energiya tejovchi texnologiyalarning nomutanosibligini namoyon qildi.
Mamlakatning ayrim hududlarida tabiiy gaz yoki elektr energiyasi kabi energiya manbalarining yetishmasligi sababli aholi o’z uylarini isitish uchun ko‘mir yoqishga o‘tdi. Bu, ayniqsa, havo sifati va issiqxona gazlari chiqindilarining to'planishi nuqtai nazaridan salbiy oqibatlarga olib keldi.
Yana bir xavotirlantiradigan soha - bu tijorat va turar-joy qurilishi sohasidir. Butun dunyoda umumiy issiqxona gazlari chiqindilarining taxminan 40 foizi qurilish sektoriga (yoritish, isitish, issiq va sovuq suv ta’minoti uchun elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish) to’g’ri keladi. Mazkur oʻrtacha koʻrsatkich Oʻzbekistonga ham taalluqli boʻlib, Oʻzbekistonning birinchi BMT IO'DK bo’yicha ikki yillik yangilangan hisobotiga koʻra, bu yerda mamlakatdagi umumiy energiya isteʼmolining 22% sanoat va qurilishga, 21% esa uy-joy qurilishiga toʻgʻri keladi.
Yildan yilga O‘zbekiston aholisining soni ko’payishi bilan energiyaga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda. Pirovardida, mamlakatning energiya zaxiralariga bo‘lgan ehtiyoj ortib borgan sari energiyaga o’sib borayotgan talabni, mamlakatning barqaror rivojlanishini va u iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuvi doirasidagi majburiyatlarini bajarishini ta’minlagan holda, qayta tiklanadigan manbalar hisobidan qondirish zarur.
O'zbekistonning katta rejalari
O‘zbekiston hukumati energiya zaxiralarini diversifikatsiya qilish maqsadida energetika sohasida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirmoqda. Birinchi qadamlardan biri sifatida investorlar uchun, xalqaro xususiy kompaniyalarga elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash uchun quyosh elektr stansiyalariga investitsiya kiritish imkonini beruvchi qulay muhit yaratildi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi uch yilda ushbu sohaga 8 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kiritilib, Navoiy va Samarqand viloyatlarida bir qancha quyosh elektr stansiyalari oʻrnatildi.
Joriy yilning fevral oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish ishlarini jadallashtirish va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan dadil farmon chiqardi. Prezidentning 57-sonli qarori yil oxirigacha umumiy quvvati 4 300 megavattni tashkil etadigan quyosh va shamol elektr stansiyalarini o‘rnatish nazarda tutmoqda. Shuningdek, u 37 000ta uyning tom qismiga quyosh panellarini o'rnatish va ularning har biri ortiqcha energiyani elektr tarmog'iga qaytargan holda sotishi mumkinligi to’g’risidagi nizomlarni o'z ichiga oladi. Farmon shartlariga ko‘ra, davlat iste’molchidan foydalanilmagan energiyani sotib oladi va shunda har bir foydalanilmagan kilovatt/soat uchun 1 000 so‘mdan haq to‘laydi. Shu tariqada, “Quyoshli uy” dasturi butun mamlakat bo‘ylab kam quvvatli quyosh panellari o‘rnatilishini rag‘batlantirish va shu orqali Prezident farmoni ijrosini bilvosita qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Hukumat, shuningdek, yangi qurilgan ko'p qavatli uylar tom qismi maydonining kamida yarmiga quyosh panellarini o'rnatishga, 31 000ta ko'p qavatli uylarni esa issiqlik izolatsiyasini yaxshilagan holda jihozlashga da’vat qilmoqda. Bu islohotlar va harakatlar, toʻgʻri amalga oshirilishida, Oʻzbekistonga 2030 yilga borib YaIM birligiga toʻgʻri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 2010 yildagi darajaga nisbatan 35%ga kamaytirish maqsadiga erishishga yordam berishi kerak va bu haqida 2021 yildagi milliy darajada belgilanadigan yangilangan hissalarda (Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Parij kelishuvida) taʼkidlangan.
BMTTDning ilg’or amaliyoti
2000 yildan boshlab BMTTD milliy va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda qayta tiklanadigan energiya manbalari va energiya samaradorligi masalalari ustida turli tomonlardan ish olib bormoqda. Hukumatning sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida BMTTD O'zbekistonning iqtisodiy sektorlarini, jumladan, qurilish sektorini yashillashtirish bo'yicha siyosiy harakatlarni kuchaytirish va standartlarni ishlab chiqish uchun texnik yordam ko'rsatmoqda.
Bir nechta modellar, jumladan, sog'liqni saqlash muassasalari va maktablarda barqaror mahalliy energetik tejamkor materiallar va texnologiyalardan foydalangan holda sinovdan o'tkazildi. Endi esa ushbu modellarning tajribasidan foydalanish va ularni kengaytirish vaqti keldi.
Masalan, BMTTD bilan Global ekologik fond va Qurilish va uy-joy kommunal vazirligining qo‘shma dasturi turar-joy binolari tashqi devorlari, pollari va tomlarinining oqilona issiqlik izolatsiyasini ta’minlash uchun hamyonbop zamonaviy texnologiyalar va qurilish materiallaridan foydalanishga ko‘maklashmoqda. “O‘zbekistonda barqaror qishloq uy-joyi uchun bozorni qayta tuzish” loyihasi davlat siyosati va harakatlarini asoslab berish uchun ilg‘or tajribalarni ishlab chiqishga qaratilgan.
BMTTD bir qator tegishli qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish orqali turar-joy binolarining energiya samaradorligiga qo’yiladigan talablarni kuchaytirish masalasida hukumatni qo‘llab-quvvatladi. Bu O‘zbekistonda 2020-yildan buyon turar-joy binolarining energetik samaradorligining ko’rsatkichlari yaxshilanishiga olib keldi. Bundan tashqari, BMTTD tomonidan, turar-joy sektorida qayta tiklanadigan energiya manbalarining afzalliklarini namoyon qilish maqsadida, 2019-2020-yillarda 1328 ta turar-joy binolarida quyosh panellari tizimlaridan foydalanish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshirildi. Quyosh panellarini joriy etishning bu tajribasi keyinchalik “Quyoshli uyi” davlat dasturi orqali yanada kengaytirilishi mumkin.
O‘tgan yili Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi Yoshlik mahallasida deyarli nolga teng energiya iste’moli ta’minlangan birinchi uy-joy qurildi. O‘ylaymizki, bu uy O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha majburiyatlarini bajarish imkonini namoyon qiluvchi namuna bo’la oladi va barcha uylar qishda issiq, yozda salqin va yil davomida energetic jihatdan tejamkor bo‘lishini kafolatlaydi.
Hozirgi vaqtda BMTTD Energetika vazirligiga Qayta tiklanadigan energiya manbalari Xalqaro agentligining (IRENA) SolarCity Simulator vositasidan foydalanishda ko’maklashmoqda. Bu vosita yashil moliya mexanizmlari asosida quyoshli shaharlarni barpo etish uchun mustaqil (avtonom), tarmoqli va/yoki gibrid texnik yechimlarining iqtisodiy, moliyaviy va ekologik afzalliklarini modellashtirish uchun foydalaniladi.
Qayta tiklanadigan energiya manbalari va energetik jihatdan tejamkor qurilishni oddiy iste'molchi uchun hamyonbop qilish maqsadida BMTTD imtiyozli moliyaviy mahsulotlarni ishlab chiqmoqda. Bu borada BMTTD Energetika vazirligi huzuridagi Tarmoqlararo jamg‘arma va qator tijorat banklari bilan hamkorlik qiladi. An'anaviy moliyalashtirish imkoniyatlaridan foydalana olmaydiganlar uchun imtiyozli «yashil kreditlar» sinovdan o'tkazilishi mumkin. Bunday kreditlar yordamida qishloq aholisi barqaror «yashil» texnologiyalarga sarmoya kiritish, iqtisodiy imkoniyatlarini ta’minlagan holda, shu bilan birga ekologik toza usullarni targ‘ib qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Amaliyot va ilg‘or tajribalarni olib kirish BMTTDning hukumatlarni qo‘llab-quvvatlashdagi asosiy qo‘shimcha qiymati bo‘lib xizmat qilgan. Masalan, BMTTD tajriba hududlarida uy xo'jaliklari darajasida energetik auditlarni o’tkazish bo'yicha keng qamrovli tadqiqot va tajribalar o'tkazdi. Bunday auditlarning asosiy maqsadi energiya yo'qotish joylarini aniqlash va uylarning energetik samaradorligini oshirish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqishdir. Aslida, energetik auditlarning afzalliklari energiyani tejash bilan cheklanib qolmaydi, chunki ular issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, uy xo’jaliklariga elektr energiya uchun to‘lovlarni kamaytirishga hamda O‘zbekistonning uzoq muddatli barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shishi mumkin. Qishloq uy xo'jaliklarida o’tkazolgan mazkur tajribaviy energetik auditining natijalari tez orada tayyor bo'ladi va kelgusida mahalliy iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda qishloq uy-joy qurilishini oqilonalashtirish bo'yicha asosli tavsiyalar beradi, degan umiddamiz.
Bundan tashqari, BMTTD ko'magida hukumat alohida e’tibor binolar va turar-joy sektorlarida energiya samaradorligiga va IG chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan bir qancha qurilish kodekslarini ishlab chiqdi va qabul qildi. Masalan, «passiv uy» konsepsiyasiga asoslangan energetik samaradorlik bo‘yicha qurilish standarti joriy etildi. Ushbu yondashuv binoning ekologik izini kamaytirishga, uni qulay va, shu bilan birga, arzonlashtirishga imkon beradi. BMTTD bunday yondashuv bo’yicha huquqiy kodeks ishlab chiqilishiga o'z hissasini qo'shdi va bu kodeks O'zbekistonda standart yoki kelajakdagi qurilishga aylanishiga, uzoq muddatli foyda olish salohiyati tufayli aholi o’rtasida tez ommalashishiga ishonadi. Mazkur tashabbusning ro’yobga chiqarilishini ta'minlash uchun mahalliy mutaxassislarni barqaror izolyatsiyalash usullari bo'yicha o'qitishni tashkil etish zarur.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish bir zumda sodir bo‘ladigan jarayon emas, biroq O‘zbekiston energetika sohasini barqaror rivojlantirish tarafdori ekanligi va uning kengayishiga xizmat qiladigan siyosatni olib borayotganligi haqiqatdan ham ilhomlantiradigan holatdir. Uning tashabbuslari mamlakatning tabiiy zaxiralarini asrash va kelajak avlodlarning barqaror iqtisodiy kelajagini ta'minlashga va'da bermoqda. O'tmishda ko'plab eng ilg’or amaliyotlar va modellar sinab ko'rilgan, endi esa ularni kengaytirish vaqti keldi.
Bu yilgi Butunjahon Yer kuni “Sayyoramizga sarmoya kiritish” masalasiga bag’ishlangan va hukumatlar, investorlar, biznes va fuqarolik jamiyatini sayyoramizni himoya qilish uchun birgalikda ishlashga chaqiradi. Qazilma yoqilg'ilar sayyoramiz, insoniyat va iqtisodiyot uchun boshi berk ko'chadir. Qayta tiklanadigan energiyaga jadal ravishda va yaxshi boshqariladigan tarzda oʻtish barcha uchun ochiq energiya xavfsizligi va dunyomizga zarur boʻlgan yashil ish oʻrinlarini yaratish uchun yagona yoʻldir.
O‘zbekiston xalqi va hukumati barqaror rivojlanish yo‘lidan olg‘a intilayotgan ekan, biz BMTTD doirasida bilim va ilg‘or tajriba bilan almashishni davom ettirish, qurilish tarmog’ini dekarbonizatsiya qilish strategiyasini qo‘llab-quvvatlash hamda, hamma uchun yanada toza, yashil va farovon kelajakni ta'minlash maqsadida, qayta tiklanadigan energiya manbalarini, shuningdek, barqaror rivojlanishga ko’maklashuvchi yashil moliyaviy mexanizmlarni ilgari surish majburiyatini zimmamizga olamiz.
Qazilma yoqilg'ilar sayyoramiz, insoniyat va iqtisodiyot uchun boshi berk ko'chadir. Qayta tiklanadigan energiyaga jadal ravishda va yaxshi boshqariladigan tarzda oʻtish barcha uchun ochiq energiya xavfsizligi va dunyomizga zarur boʻlgan yashil ish oʻrinlarini yaratish uchun yagona yoʻldir.
Matilda Dimovska, BMT Taraqqiyot dasturi bo’yicha O‘zbekistondagi doimiy vakili