Ushbu blog BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (ombudsman) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan hamda Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan "O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilish" loyihasi doirasida "Huquqiy tayanch" (Jizzax viloyati) va "Rahmdillik" (Samarqand viloyati) mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) tomonidan o‘tkazilgan sud amaliyotini o‘rganish asosida yaratilgan.
Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish amaliyoti monitoringi
8-October, 2024
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) milliy hukumatlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ayollar guruhlari va xususiy sektorni gender asosidagi zo‘ravonlikning asosiy sabablarini, masalan, gender asosidagi kamsitish va teng bo‘lmagan vakolatlar munosabatlarini hal qilish uchun qo‘llab-quvvatlaydi. BMTTDning bu boradagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘llaridan biri ayollar va qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi siyosat va qonunchilikni qo‘llab-quvvatlashdir. Bu jarayonda BMTTD hukumatlar bilan hamkorlikda gender asosidagi zo‘ravonlikni jinoiylashtiruvchi qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek, jabrlanuvchilarning huquqiy, tibbiy va ruhiy yordam olishini ta’minlash ustida ishlaydi.
Shu bilan birga, BMTTD qabul qilingan qonunlar va siyosatning samarali amalga oshirilishini, joylarda ularga rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, aholi, ayniqsa, aholining eng zaif guruhlari tomonidan bunday qonunlarning imkoniyatlaridan foydalanish juda muhim, deb hisoblaydi. Shu bois BMTTD qabul qilingan qonunlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar (jumladan, xabardorlikni oshirish bo‘yicha tadbirlar, treninglar va boshqalar) qabul qilishda hukumatni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu jarayonga xabardorlikni oshirish tadbirlari, o‘quv mashg‘ulotlari va boshqa shu kabi faoliyatlar kiradi. Qonunchilik va siyosatning amalga oshirilishini kuzatib borish ham g‘oyat muhim bo‘lib, bu orqali muammolar, kamchiliklar va yangi qonunchilikdan foydalanuvchilar duch kelayotgan masalalarni aniqlash mumkin.
Shu sababli, 2023-yildan boshlab BMTTD O‘zbekiston Ombudsmani bilan hamkorlikda ayrim NNTlarga sud qarorlarini tahlil qilish orqali huquqni qo‘llash va huquqni amalga oshirish amaliyotini tahlil qilishda yordam ko‘rsatmoqda. Ushbu tadqiqot doirasida ajrimlar, ota-onalik huquqidan mahrum qilish va uy-joy nizolari bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha mingdan ortiq (1000) sud qarorlari tahlil qilingan. Mazkur blog ayollar o‘z huquqlarini himoya qilishda duch kelayotgan haqiqiy vaziyatni aks ettiruvchi eng nozik jihatlarni yoritishga qaratilgan.
1-xulosa - Bolalarning chet elga chiqishi uchun sobiq eri/xotinidan ruxsat olish bilan bog‘liq og‘irlashtiruvchi qonunchilik qoidasi ayollar tomonidan qo‘zg‘atilgan ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlar sonining ko‘payishiga olib keladi, bu esa ulardan o‘z qonuniy huquqlarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha sa’y-harakatlar va qo‘shimcha moliyaviy xarajatlarni talab qiladi. Bunday qo‘shimcha sa’y-harakatlar sudlar farzandning ayol qaramog‘ida ekanligi aniq belgilamagan ishlar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlarning 88 foizidan ko‘prog‘ida (217 ta ishning 191 tasida) da’vogarlar O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 79-moddasi 1-bandiga asosan ("ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan, shu jumladan aliment to‘lashdan bosh tortish") ota-onalik huquqidan mahrum qilishni so‘raganlar.
Ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar va faollarga ko‘ra, buning asosiy sababi voyaga yetmagan shaxsning xorijga chiqishi uchun ota-onasidan ruxsat olish to‘g‘risidagi qonunchilik talabi hisoblanadi. Bu talab xotin-qizlarning voyaga yetmaganlar ustidan vasiylik qilishni samarali amalga oshirish huquqlarini ta’minlash uchun soddalashtirilishi mumkin.
2-xulosa - Ayollarning uy-joyga bo‘lgan huquqi, ayniqsa, turmush o‘rtog‘i bilan ajrashish jarayonida bo‘lgan ayollarga nisbatan samarali amalga oshirilmayapti. Ushbu xulosa, (er-xotin o‘rtasidagi) uy-joyga majburiy kiritish to‘g‘risidagi ishlarning 94 foizidan ortig‘i xotin-qizlar tomonidan kiritilganligiga asoslangan. Shu bilan birga, sudlar 82 foizdan ortiq hollarda xotin-qizlar tomonidan uy-joyga majburiy kiritish to‘g‘risidagi arizalarini qanoatlantirganligini tan olish kerak. Bu holatda ayollar yana isbotlash yukini o‘z zimmalariga olishadi va aynan ayollar o‘z huquqlarini himoya qilish jarayonidan o‘tishlari kerak. Ushbu da’vo arizalarini kiritgan xotin-qizlarning qaramog‘ida r voyaga yetmagan farzandlari borligi, ushbu xulosaning yana bir jihatidir.
3-xulosa - Taraflar o‘z huquqlarini mustaqil ravishda (advokat ishtirokisiz) himoya qilgan ishlar soni juda ko‘p. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, uy-joyga majburiy kiritish to‘g‘risidagi ishlarning 51 foizidan ortig‘i (244 ta ishdan 125 tasi) va ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlarning 85 foizidan ortig‘ida (217 ta ishdan 186 tasi) taraflar advokatsiz ishtirok etgan. Qizig‘i shundaki, tomonlar "mustaqil" ishtirok etgan ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlarning 61 foizi (186 ta ishdan 123 tasi) ko‘rib chiqilmasdan qoldirilgan, yana 32 foizida esa (186 ta ishdan 60 tasi) ish yurituvi tugatilgan. Bu raqamlar bepul yuridik yordam tizimidan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshirish zarurligini ko‘rsatadi. Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mita 32-sonli umumiy izohida tushuntirilishicha, "yuridik yordamning mavjudligi yoki yo‘qligi ko‘pincha insonning tegishli sud muhokamasiga kirish yoki unda to‘laqonli ishtirok etishi mumkinligini belgilaydi."
Garchi BMTTD oilaviy va gender zo‘ravonlik qurbonlariga davlat tomonidan moliyalashtiriladigan yuridik yordam ko‘rsatishga qaratilgan siyosatni qo‘llab-quvvatlasa-da (Prezidentning 175-sonli Farmoni), bepul yuridik yordamning samarali tizimi yuridik yordam ko‘rsatuvchilar: ham advokatlar, ham yuridik yordam ko‘rsatuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari sonini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha choralarni ko‘rishni talab qiladi. NNTlar sonini ko‘paytirish uchun O‘zbekistonda NNT faoliyati bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni ko‘rish, shuningdek, NNTini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslarni ajratish zarur.
4-xulosa - Gender kesimidagi odil sudlov to‘g‘risidagi ma’lumotlar. Ta’kidlash joizki, xotin-qizlarning odil sudlovdan foydalanishi bo‘yicha statistik ma’lumotlar yetarli emas. Nikohdan ajratish haqidagi 2023-yildagi blogimizda O‘zbekiston respublikasi Oliy sudining barcha ommaviy statistik hisobotlarida mavjud bo‘lgan 497 ta statistik shakldan faqat 7 tasida gender kesimidagi statistik ma’lumotlar mavjudligi haqida xabar bergan edik. Xotin-qizlarning odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi 33-sonli CEDAW qo‘mitasining umumiy tavsiyasi nuqtayi nazaridan genderga kesimidagi statistik ma’lumotlarga ega statistik shakllarning bu miqdori yetarli emas. Ushbu tavsiya ijrosini ta’minlash uchun a) sud qarorlarini tahlil qilish va b.) sud jarayonlarini monitoring qilish kabi vositalardan foydalangan holda huquqni qo‘llash amaliyotini tizimli tahlil qilish zarur.
Nodavlat notijorat tashkilotlari, faollar va mustaqil tadqiqotchilar odil sudlov to‘g‘risidagi ochiq ma’lumotlardan, shu jumladan sud qarorlarining onlayn bazasidan foydalangan holda O‘zbekistonda ayollar huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq haqiqiy vaziyatni aniqlash uchun birinchi vositani amalda qo‘llab kelmoqdalar. Ta’kidlash joizki, kelgusida qonunchilikni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha mustaqil tadqiqotlar sonini oshirish maqsadida sud qarorlarining onlayn bazasidan foydalanish qulayligini yanada yaxshilash mumkin. Shuni ham ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda sud jarayonlari monitoringi hali to‘liq amalga oshirilmagan, ya’ni gender tenglikni ta’minlash bilan bog‘liq qonun hujjatlarining amaldagi ijrosi to‘g‘risida muhim ma’lumot manbai keng jamoatchilik e’tiboridan chetda qolmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash va ayollar huquqlarini targ‘ib qilish bo‘yicha sezilarli qadamlar tashlanganiga qaramay, tadqiqot natijalari keyingi harakatlarni talab qiladigan muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Tadqiqot natijasida ortiqcha qonunchilik tartib-taomillari, bepul yuridik yordam tizimining yetarli emasligi va gender kesimidagi ma’lumotlarning cheklanganligi bilan bog‘liq muammolar aniqlandi, bu esa odil sudlovning xotin-qizlar uchun erishimligini yanada oshirish uchun tizimli choralar zarurligini ko‘rsatadi.
Kelgusida BMTTD ushbu kamchiliklarni bartaraf etish, huquqiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish va O‘zbekiston hukumati va fuqarolik jamiyati bilan yaqin hamkorlikda xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha jamoatchilik xabardorligini oshirish uchun sa’y-harakatlarni amalga oshirish niyatida. Bu ayollar uchun keraksiz protsessual to‘siqlarni kamaytirish, yuridik yordam olish imkoniyatini sezilarli darajada oshirish, shuningdek, qonunning adolatli va samarali qo‘llanilishini/ijro etilishini ta’minlash uchun keng qamrovli monitoring mexanizmlarini yaratishga ko‘maklashishni o‘z ichiga oladi.
Hamkorlik tufayli BMTTD ayollar huquqlari jamiyatning barcha bo‘g‘inlarida qo‘llab-quvvatlanadigan, himoya qilinadigan va hurmat qilinadigan kelajakka o‘z hissasini qo‘shishga umid qilmoqda.