Siyosiy qutblanish va ishonchsizlikning kuchayishi bizni global muammolarni hal qilish borasida boshi berk ko‘chaga yetaklamoqda
BMT Taraqqiyot Dasturi ma'lumotlariga ko‘ra, boy davlatlar inson taraqqiyoti bo‘yicha rekord pog‘onaga ko‘tarilgan, eng kambag‘al mamlakatlarning yarmida esa bu ko‘rsatkich pasayib bormoqda
14-March, 2024
Nyu-York, 2024 yil 13-mart – Taraqqiyotning notekis rivojlanishi eng qashshoq mamlakatlarni ortda qoldirib, tengsizlikni kuchaytirish barobarida, global siyosiy qutblanishni kuchaytirmoqda. Bularning barchasi bizni xatarli boshi berk ko‘chaga olib boradi, undan chiqish yo‘lini hozirdanoq kollektiv sa’y-harakatlar orqali izlash kerak. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan bugun e’lon qilingan yangi hisobotda ta’kidlab o‘tildi.
“Boshi berk ko‘chadan chiqish: qutblangan dunyoda hamkorlik masalasini qayta ko‘rib chiqish" deb nomlangan 2023-2024 yillarda inson taraqqiyotiga oid hisobotda xavotirli tendentsiya haqida xabar berilganki, u ham bo‘lsa aholi jon boshiga yalpi milliy daromadni (YaIM), ta’lim va umr ko‘rish davomiyligini aks ettiruvchi umumiy ko‘rsatkich - global inson taraqqiyoti indeksi (ITI) qiymatlarini tiklash jarayoni chala, tugallanmagan shaklda va notekis kechayotganligidir.
ITI 2020 va 2021 yillarda kuzatilgan keskin pasayishdan keyin 2023 yilda rekord darajaga yetishi kutilmoqda. Biroq, bu taraqqiyot chuqur tengsizliklar bilan ajralib turadi. Boy davlatlarda inson taraqqiyoti rekord darajalarga yetgani kuzatilmoqda, eng kambag‘al mamlakatlarning yarmida esa bu ko‘rsatkich inqirozdan oldingi darajadan pastligicha qolmoqda.
Global tengsizlik sezilarli iqtisodiy kontsentratsiya bilan kuchayib bormoqda. Hisobotda keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, global tovar savdosining qariyb 40 foizi uch yoki undan kam mamlakatda to‘plangan; va 2021 yilda dunyodagi eng yirik uch texnologiya kompaniyasining har birining bozor kapitallashuvi o‘sha yili mamlakatlarning 90 foizidan ko‘prog‘ining ichki yalpi mahsulotidan (YaIM) oshib ketgan.
"Hisobotda aytib o‘tilgan inson taraqqiyotidagi tobora kuchayib borayotgan tafovut shuni ko‘rsatadiki, yigirma yildan ortiq davom etgan boy va kambag‘al mamlakatlar o‘rtasidagi tengsizlikni barqaror ravishda qisqartirish tendentsiyasi mutlaqo teskari yo‘nalishga burilgan. Dunyo bo‘ylab jamiyatlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lsa-da, biz tengsizlikni bartaraf etish muammosini hal qilishning uddasidan chiqa olmayapmiz. Biz o‘zaro bog‘liqligimiz bizga beradigan imkoniyatlardan va umumiy dolzarb muammolarimizni hal qilish va odamlarning umidlarini ro‘yobga chiqarish salohiyatimizdan foydalanishimiz kerak. Boshi berk ko‘chada turib qolish, odamlarga katta zarar yetkazammoqda. Iqlim o‘zgarishi, raqamlashtirish, qashshoqlik va tengsizlik bo‘yicha jamoaviy harakatlar orqali muvaffaqiyatga erisha olmaslik nafaqat inson taraqqiyotiga to‘sqinlik qiladi, balki qutblanishni kuchaytiradi va butun dunyo bo‘ylab odamlar va institutlarga bo‘lgan ishonchni yanada pasaytiradi”.- deydi BMT Taraqqiyot dasturi rahbari Ahim Shtayner
Hisobotda aytilishicha, xalqaro jamoaviy harakatlarning muvaffaqiyatiga hozirgi paytda rivojlanib borayotgan "demokratiya paradoksi" to‘sqinlik qilmoqda. Hisobotda tahlil qilingan maʼlumotlarga koʻra, dunyo boʻylab har 10 kishidan 9 nafari demokratiyani maʼqullaydi, biroq global soʻrovda qatnashganlarning yarmidan koʻpi demokratik jarayonning asosiy qoidalarini buzish orqali unga putur yetkazishi mumkin boʻlgan yetakchilarni qoʻllab-quvvatlamoqda. Dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan so‘rovda qatnashganlarning yarmi o‘z hayotlarini cheklangan darajada nazorat qilishlarini da'vo qilmoqdalar, so‘rov ishtirokchilarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i esa o‘z mamlakatlari hukumatlari qarorlariga ta'sir qilish uchun deyarli hech qanday imkoniyatga ega emasliklarini aytishgan.
Global oqibatlarga olib keladigan yana bir tobora cuqurlashib borayotgan muammo - siyosiy qutblanishdir. Hisobot mualliflarning ta'kidlashicha, bu nochorlik tuyg‘usi bilan bir qatorda, faqat ichki manfaatlarga yo‘naltirilgan siyosiy yondashuvlarini kuchaytiradi, bu esa iqtisodiyot dekarbonizatsiyasi, raqamli texnologiylarni suiste'mol qilish va mojarolar kabi dolzarb muammolarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan global hamkorlikka mutlaqo ziddir.
2023 yilgi rekord darajadagi harorat ayniqsa jiddiy xavotirlarni keltirib chiqarmoqdaki, bunday hodisalar iqlim inqirozini bartaraf etish nechog‘lik zarur ekanligini ko‘rsatadi. Shuningdek, yangi va tez rivojlanayotgan texnologik marra sifatida paydo bo‘layotgan sun'iy intellektning deyarli hech qanday nazorat mexanizmlariga ega emasligi muammosi ham o‘z yechimini topmog‘i zarur. Bularning barchasi birlashgan tezkor harakatlarga ehtiyoj borligini ko‘rsatmoqda.
Hisobotda zamonaviy dunyoda degloballashuv na maqsadga muvofiq, va na real ekanligi, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik darajasi esa hamon yuqori bo‘lib qolayotgani qayd etib o‘tilgan.Ta’kidlanishicha, mintaqalarning hech biri o‘zini o‘zi ta'minlash darajasiga yaqinlashmagan, chunki ular boshqa mintaqalardan 25 foiz yoki undan-da ko‘proq kamida bitta asosiy toifadagi tovarlar va xizmatlar importiga muhtoj.
“Qutblanish va boʻlinish kuchayib borayotgan dunyoda oʻzaro manfaatli xalqaro hamkorlikka erisha olmaslik farovonligimiz va xavfsizligimizga jiddiy tahdid solmoqda. Protektsionistik yondashuvlar biz duch kelayotgan murakkab, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan muammolarni, jumladan, pandemiyalarning, iqlim o‘zgarishining oldini olish va raqamli texnologiyalarni tartibga solishni hal qila olmaydi. Bizning muammolarimiz bir-biri bilan chambarchas bog‘liq va shu bilan bir hil darajada chambarchas bog‘liq bo‘lgan yechimlarni talab qiladi”. Inson taraqqiyoti uchun toza energiya va sun'iy intellekt imkoniyatlarga yo‘naltirilgan va ularning afzalliklarini urg‘ulovchi kun tartibini qabul qilar ekanmiz, hozirgi boshi berk ko‘chadan chiqib, umumiy kelajakka sodiqlikni qayta tiklash imkoniyatiga ega bo‘lamiz."- deya qo‘shimcha qildi Shtayner.
Hisobot mualliflari global o‘zaro bog‘liqlik konfiguratsiyasi o‘zgarib borayotganini ta’kidlashar ekan, global ijtimoiy ne’matlarning yangi avlodini yaratishga chaqirmoqda. Ular zudlik bilan harakat qilish uchun to‘rt yo‘nalishni, jumladan:
- antropotsenning misli ko‘rilmagan muammolari sharoitida iqlim barqarorligini ta'minlash uchun sayyoraviy ijtimoiy ne’matlarni;
- adolatli inson taraqqiyoti uchun yangi texnologiyalardan foydalangan holda ko‘proq tenglikka erishish uchun raqamli global ijtimoiy ne'matlarni;
- yangi va kengaytirilgan moliyaviy mexanizmlar, shu jumladan, daromadi past mamlakatlarga gumanitar yordam va an'anaviy yordamini to‘ldiruvchi xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishini; va
- qaror qabul qilishda odamlarning ishtirokini oshirishga va noto‘g‘ri ma'lumotlarga qarshi kurashishga qaratilgan yangi boshqaruv yondashuvlari orqali siyosiy qutblanish darajasini pasaytirishni taklif qilishgan.
Shu nuqtai nazardan, ko‘p tomonlama yondashuv muhim rol o‘ynaydi, deyiladi hisobotda, chunki ikki tomonlama o‘zaro ta'sir muqarrar ravishda sayyoraviy xarakterga ega bo‘lgan global ijtimoiy ne'matlarni taqdim etish muammosini hal qilish uchun yetarli emas.
Hisobotda keltirilgan asosiy qo‘shimcha ma'lumotlar
- 2023 yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga (IHTT) a'zo bo‘lgan barcha 38 mamlakat 2019 yilga nisbatan inson taraqqiyoti indeksining (ITI) yuqoriroq ko‘rsatkichlariga erishdi.
- 2020 va/yoki 2021 yillarda Inson taraqqiyoti indeksi pasayishini boshdan kechirgan 35 ta eng kam rivojlangan mamlakatlar (EKRM)ning yarmidan ko‘pi (18 mamlakat) 2019 yildagi inson taraqqiyoti darajasini hamon tiklay olmagan.
- Barcha rivojlanayotgan hududlar 2019 yilgacha kuzatilgan tendentsiya asosida hisoblangan inson taraqqiyoti indeksi darajasiga erisha olmadi. Aftidan, ular inson taraqqiyoti indeksining quyiroq trayektoriyasiga o‘tib qolishgan, ya'ni kelajakda bu mamlakatlarda inson taraqqiyoti indeksi bo‘yicha barqaror kechikish kuzatilishi mumkin.
- Inson taraqqiyotidagi yo‘qotishlarning oqibatlari Afg‘oniston va Ukrainada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Afg‘onistonda inson taraqqiyoti indeksi o‘n yil oldingi qiymatlarga qaytdi, Ukrainaning ITI esa 2004 yildan beri eng past darajaga tushib ketdi.
- Hisobotda hukumatlari populistik bo‘lgan mamlakatlarga oid tadqiqotlar ma'lumotlari keltirilgan, ularga ko‘ra, bunday mamlakatlarda YaIM-ning o‘sish sur'atlarining pasayishi kuzatilgan. Populistik hukumat hokimiyatga kelganidan o‘n besh yil o‘tgach, aholi jon boshiga YaIM populist bo‘lmagan senariydan 10% past bo‘lishi aniqlangan.
OAV vakillari uchun aloqa ma'lumotlari
Qo‘shimcha ma'lumot olish yoki intervyu o‘tkazishni so‘rash uchun quyidagi manzilga murojaat qiling:
Nyu-York shahrida: stanislav.saling@undp.org +1 347 653 1980 yoki victor.garrido.delgado@undp.org +1 917 995 1687
Jenevada: sarah.bel@undp.org +41 79 934 11 17
BMTTD to‘g‘risida
Inson taraqqiyoti to‘g‘risidagi hisobotni tayyorlash bo‘limi to‘g‘risida