BMT Tarqqiyot Dasturi va GEFning O‘zbekistonda energiya tejamkor qishloq uy-joylarini qurish bo‘yicha loyihasi yakunlari sarhisob qilindi
7-September, 2024
Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (UNDP) va O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va Uy-joy Kommunal Xo‘jaligi Vazirligi tomonidan hamda Global Ekologik Jamg‘armasi (GEF) moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan "O‘zbekistonda energiya samarador qishloq turar-joy binolari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish" loyihasining yakuniy tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda loyiha manfaatdor taraflari bo‘lgan vazirlik va idoralar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar hamkor tijorat banklari vakillari va O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Bugungi kunda mamlakatda ishlab chiqarilgan energiyaning deyarli yarmi turar-joy binolari tomonidan iste'mol qilinadi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida umumiy issiqxona gazlari chiqindilarining qariyb 40 foizi uy-joy sektori hissasiga to‘g‘ri keladi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda qurilayotgan uy-joylarning 70% dan ortig‘i qishloq joylarga to‘g‘ri keladi. Shunga ko‘ra, uy-joy sektoridagi tabiiy resurslarga bosim, ayniqsa, mamlakat aholisining deyarli yarmi yashaydigan qishloq hududlarida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Umuman olganda, BMT Taraqqiyot Dasturi/GEF loyihasi O‘zbekiston xududlarida jadal rivojlanayotgan uy-joy qurilishi sektorini energiya samarador texnologiyalar va qurilish materiallarini moliyalashtirish mexanizmini ishlab chiqish, sinab ko‘rish, keng ko‘lamda ommalashtirish hamda qishloq aholisining kam-uglerodli turar-joy binolariga bo‘lgan talabini oshirish vositalari orqali issikxona gazlari chikindilarini kamaytirishni ta'minlaydigan yanada barqaror rivojlanish yo‘liga o‘tkazishga qaratilgan.
Loyihani sarhisob qilish jarayonida mutaxassislar uni amalga oshirishning asosiy natijalarini qayd etdilar. Xususan, turar-joy binolariga taalluqli qator qurilish normalarida energiya samaradorligiga b‘lgan talablar kuchaytirildi hamda ikkita yangi meyoriy hujjat ishlab chiqildi. Bu o‘z navbatida kelajak loyihalarning resurs tejamkorligini oshishiga hamda tabiatga bo‘lgan salbiy ta'sirini kamaytirishga asos bo‘ldi.
Ta'kidlanganidek, loyiha tomonidan o‘rnatilgan uskunalarning 20 yillik xizmat muddati davomida taxminan 33,2 million megajoul (MJ) energiyani tejaladi, bu esa dastlab rejalashtirilgan maqsadlardan sezilarli darajada yuqori. Loyiha tadbirlarini amalga oshirish natijasida 20 yil davomida issiqxona gazlari emissiyasi 17,5 million tonna CO2 ekvivalentiga (CO2e) kamayishi kutilmoqda, bu iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishga katta hissa qo‘shilayotganidan dalolat beradi.
Loyiha tomonidan yashil ipoteka mexanizmi doirasida 1328 xonadonda qayta tiklanadigan energiya uskunalarini o‘rnatish uchun subsidiyar ajratilganligi barqaror moliyalashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Shu bilan birga, aholi va manfaatdor tomonlar o‘rtasida o‘tkazilgan keng ko‘lamli axborot kampaniyasi energiya tejamkor va kam uglerodli uy-joylarga bulgan qiziqishni oshirdi.
Ta'kidlash joizki, loyihani amalga oshirish jarayonida ayollar va erkaklar loyiha doirasida yaratilgan imkoniyatlardan teng foydalanishlari uchun gender tengligini ta'minlashga katta e'tibor qaratildi.
Yakuniy tadbir davomida O‘zbekistonda energiya samaradorligi va yashil moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashgan boshqa xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD), Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki (ADB) taqdimotlari ham bo‘lib o‘tdi.
“BMT Taraqqiyot Dasturi bugungi kunda loyihaning erishgan yutuqlarini nishonlash uchun hamkorlarimiz safiga qo‘shilganidan mamnun. Uning tez rivojlanayotgan qishloq uy-joy sektorini dekarbonizatsiya, ya'ni uglerodsizlantirishga qo‘shayotgan hissasi barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida muhim qadamdir,”– dedi BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii.
Tadbir yakunida BMT Taraqqiyot Dasturi/GEF loyihasi O‘zbekistonning qishloq hududlarida energiya tejamkor va barqaror qurilishni yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratgani ta'kidlandi. Loyiha mutaxassislari erishilgan natijalar aholi turmush sifatini yaxshilash va sog‘lom muhitni shakllantirishga yordam berishiga ishonch bildirdilar.