Moliyaviy savodxonlik va hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirish mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish usuli sifatida
12-December, 2022
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan 2022-yil 1-6-dekabr kunlari Farg‘ona, Namangan va Andijon shaharlarida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridagi ayollar uchun ikki kunlik o‘quv seminarlari tashkil etildi va o‘tkazildi.
Ayni paytda O‘zbekistonda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo’llab-quvvatlash, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va imkoniyatlarini himoya qilish, gender tengligini ta’minlash, ayollarga nisbatan kamsitish va zo‘ravonlikka barham berish, mehnat bozorida ularning ishlash qobiliyatlari va ko'nikmalarining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ish bilan band bo‘lmagan aholining mehnat bozorida qobiliyat va ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida Respublikamiz bo‘ylab mahallalarda “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunar ta’limi markazlari va maskanlar tashkil etilgan bo‘lib, aholiga mehnat bozorida yuqori talabga ega turli kurslarni o‘tkazish yo‘li bilan xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekistonning sakkizinchi Barqaror rivojlanish maqsadi mahsuldorlikni oshirish va erkaklar va ayollar uchun munosib mehnatni ta’minlash orqali inklyuziv va muvozanatli o‘sishni rag‘batlantirishga chaqiradi. Bu maqsad, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari va bandlik, ta'lim yoki malaka oshirishdan mahrum bo'lgan yoshlar ulushini sezilarli darajada kamaytirishga qaratilgan.
Binobarin, munosib ish o‘rinlarini yaratish bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi hukumati uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan asosiy masaladir. Bu boradagi muammolarni hal etish aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari bilan monomarkazlar o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish va talabga ega bo‘lgan ko‘nikmalarga o‘rgatish zarurligini taqozo etadi.
“Ishga Marhamat” monomarkazlari, boshpana uylari (shelterlar) va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari oʻrtasida mehnat aloqalarini oʻrnatish va yaxshilash maqsadida nogironligi boʻlgan ayollar, xodimlar va boshpanalarda, mahallalarda yashovchi ayollarni monomarkazlar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar bilan tanishtirish, shuningdek, mehnat bozorida talabga ega bo'lgan moliyaviy savodxonlik va yumshoq ko'nikmalar bo'yicha bilim berish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi BMTTD bilan birgalikda Farg'ona vodiysidagi uchta monomarkazda bir qator treninglar tashkil etdi.
Ikki kunlik o‘quv mashg‘ulotlarida 150 nafardan ortiq “ayollar daftariga” kiritilgan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridagi ayollar, oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan hamda hududiy bandlikka ko‘maklashish markazlari, monomarkazlar hamda Ayollarni reabilitatsiya va moslashtirish markazlari xodimlari ishtirok etdi. BMT Taraqqiyot dasturi trenerlari Alisher Islomov va Lola Razzakovalar ularga moliyaviy savodxonlik bo‘yicha o‘z bilimlari bilan o‘rtoqlashib, mehnat bozorida talab qilinadigan yumshoq ko‘nikmalarni shakllantirish va qo‘llash usullarini aytib berdilar.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov trening ishtirokchilari oldidagi qutlov nutqida “vazirlik faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri mehnat bozori talablaridan kelib chiqib ayollar, yoshlar va aholining ehtiyojmand qatlamlarini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish orqali bandligini ta’minlashdan iborat ekanligini tasdiqladi. Oxirgi uch yil davomida mehnat bozorida talabi yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitilgan xotin-qizlar soni 210 ming nafarni tashkil qiladi”.
BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili oʻrinbosari Doyna Muntyanu taʼkidlaganidek, “BMTTD Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining bir qator tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi, xususan, aholining mehnat bozorida talab qilinadigan zamonaviy ko‘nikmalarga ega bo‘lish ehtiyojlarini qondirish, munosib mehnat bilan ta’minlash, salomatlikni saqlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridagi ayollar va yoshlarga ijtimoiy kafolat berish, mehnat bozorida davlat siyosatining samaradorligini oshirish hamda aholining turli qatlamlarini, jumladan, ayollar va yoshlarni samarali qo‘llab-quvvatlash maqsadida faol va passiv chora-tadbirlarning amalga oshirish”.
Trening ishtirokchilari R.Yo‘ldosheva, O.Qodirova va D.Jalilovalar olgan bilimlari uchun tashkilotchi va trenerlarga minnatdorchilik bildirib, "olingan bilim, ko‘nikma va metodikadan aholi bilan ishlashdagi keyingi faoliyatlarida samarali foydalanishligini" aytishdi.
Ishtirokchilardan biri “qattiq tushkunlikka tushib qolganini, mashg‘ulotlar esa shu tushkunlikni yengishga yordam berganligini hamda uni va uning oilasini yaxshi tomonga o‘zgartirganini” aytdi.
Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda BMTTDning “Farg‘ona vodiysida pandemiyadan keyingi iqtisodiyotga aholining ko‘nikmalarini moslashtirish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.