Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida qishloq joylarni kompleks rivojlantirishni kengaytirmoqdamiz
17-May, 2024
Joriy yilning 28-mart kuni mamlakatimizning chekka hududlarida yashovchi aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish toʻgʻrisida Prezident qarori imzolandi.
Ushbu qarorni bajarish maqsadida 2024-yilning 13-15-may kunlari Termiz, Qarshi va Samarqand shahrilarida Iqtisodiyot va Moliya vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi birgalikda Islom taraqqiyot banki (ITB) ning moliyaviy ko‘magida “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasining ishga tushirish marosimlari bo‘lib o‘tdi. Mazkur loyihada ushbu viloyatlarning 21 ta tumanidagi 157 ta mahalla fuqarolar yigʻinida ijtimoiy infratuzilma ob’yektlarini qurish va kapital taʼmirlash, elektr energiyasi, ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini yaxshilash, yashil ish oʻrinlarini yaratish hamda mahalliy mutaxassislar va aholi salohiyatini oshirish koʻzda tutilgan.
Ushbu loyiha uchta komponentdan iborat bo‘lib, ular o‘rtasidagi sinergiya tufayli amalga oshiriladi. Mahallani rivojlantirish rejalarini ishlab chiqishda (1-komponent) aholi iqtisodiy va qishloq xo‘jaligi infratuzilmasi uchun ustuvor yo‘nalishlarni, shuningdek, o‘z jamoalari uchun qishloq xo‘jaligi/biznesni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlashga hissa qo‘shishga taklif qilinadi. Daromad imkoniyatlarini aniqlashda (2-komponent) aholidan qishloq xo‘jaligi/biznesni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan maqsadlarga erishishda ularni qo‘llab-quvvatlash uchun infratuzilma investitsiyalarini qanday optimallashtirish mumkinligini aniqlashtiriladi. Asosan ishtirok etish mexanizmlarini institutsionallashtirish va loyiha faoliyati orqali yaratilgan infratuzilma barqarorligini rag‘batlantirishga qaratilgan 3-komponent mahalliy sharoitlarga, infratuzilma investitsiyalariga va daromad olishning ustuvor yo‘nalishlariga moslashtiriladi. Va eng muhimi, iqlimga sezgir yechimlar loyihaning barcha komponentlarida ilgari suriladi.
Loyiha Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida 2024-2028-yillarda amalga oshiriladi va uning miqdori 6 million dollarni tashkil etadi. Loyihani amalga oshirish natijasida 622 mingdan ziyod qishloq aholisining turmush sharoiti yaxshilanadi.
Eslatib oʻtamiz, loyihaning 2022-yildan to hozirgi kungacha amal qilayotgan birinchi bosqichi ham xuddi shunday vazifalarni qamrab olgan boʻlib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining 20 ta maqsadli tumanlarida 170 ta mahalla fuqarolar yigʻinidagi obʼyektlarni qurish va taʼmirlash ishlari, qishloq aholisining turmush darajasini oshirish, aholi salohiyatini oshirish, iqlim o‘zgarishi muammolari, raqamlashtirish, pilot loyihalar va boshqalarni o‘z ichiga olgan. Ayni paytda mahalliy aholining faol ishtirokida 2024-2025 yillarda quriladigan yoki rekonstruksiya qilinadigan 900 ta kichik loyiha tanlab olindi.