Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidagi «Beshkapa» qishlog‘ida butun bir ko‘cha «yashil» hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, u – past uglerodli. 2019-yil davomida bu yerda paydo bo‘lgan 10 ta uyning hammasi biz va O‘zbekiston Qurilish vazirligi hamkorlikda «O‘zbekistonda energiya tejamkor qishloq uy-joylarini qurishni rivojlantirishga ko‘maklashish» loyihamiz doirasida tiklanadigan energetika texnologiyasidan foydalangan holda qurilgan. Ushbu keng ko‘lamli loyiha Global ekologiya fondi (GEF) tomonidan grant mablag‘lari yordamida moliyalashtirilmoqda.
«Chiroq o‘chishlariga endi bog‘liq emasmiz»
Jo‘rayevlar oilasi uch oy oldin yangi uyga ko‘chib o‘tdi. Avazbek va Marhabo shu yaqin atrofdagi qishloqda yashagani haqida gapiradi. Paxsadan qurilgan eski uy va u bilan birga chiroqning tez-tez o‘chishi, issiq suv yo‘qligi va hovlida joylashgan sanuzel kabi noqulayliklar ham avvalgi manzil bo‘yicha qoldi.
Oilada uchta farzand bor. Marhaboning so‘zlariga ko‘ra, aynan ular sababli aqlli «yashil» uyga ko‘chishga qaror qilishgan. Birinchi qadam 2019-yil bahorida tashlandi: oila ipotekaga «yashil» uy olishga ariza berib, 22 mln so‘m miqdorida (taxminan 2150 AQSH dollari) dastlabki badalni ham kiritadi. Hujjatlarni tasdiqlash va tekshirish jarayoni ikki oy vaqtni egallaydi.
Qurilish 2020-yil fevralida yakunlandi. Yangi uy tomiga elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan quyosh panellari va quyoshda ishlaydigan suv isitgich o‘rnatilgan. Ushbu past uglerodli yechimlarga qo‘shimcha xarajatlar GEF mablag‘laridan foydalangan holda loyiha tomonidan qoplandi. Aytish joizki, mazkur fond bizni qo'shma loyihamizni qo‘llab-quvvatlaydi va shu tarzda bozorda yangi texnologiyalarni joriy etishga, ularning texnik xarakteristikalarini tasdiqlashga hamda ulardan foydalanish imkoniyatini ta’minlashga ko‘maklashadi. Natijada, past uglerodli uy Avazbek va Marhabodan qo‘shimcha xarajatlarni talab qilmadi. Oddiy uy holatida esa qo‘shimcha chiqimlar bo‘lishi tayin edi. Endi esa ular har oyda 1,2 million so‘m (taxminan 118 AQSH dollari) to‘lab, o‘zlari orzu qilgan «yashil» uyning barcha afzalliklaridan foydalanmoqda.
Jo‘rayevlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, oila avvalgidan 40% kam energiya iste’mol qilmoqda. Bunga «yashil» uyning energiya tejamkor dizayni va tiklanadigan energetika texnologiyalari tufayli erishildi. Shuningdek ular yangi uy atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligidan ham mamnun. Eski uyda xonalarni isitish, ovqat tayyorlash uchun ko‘mir va o‘tin yoqishga to‘g‘ri kelardi.
Elektr energiyasining tejalishi va atrof-muhit bilan ehtiyotkor munosabatlardan tashqari Jo‘rayevlar krandan oqayotgan issiq suv va chiroqlardagi yorug‘lik «o‘zlariniki» ekanligidan xursand.
«Endi biz chiroq o‘chishlariga bog‘liq emasmiz», - deydi Marhabo.
«Bu juda qulay, ayniqsa, uy vazifalarini asosan kechqurun bajaradigan bolalar uchun», - deydi u. «Qizlarimiz bu haqda bilishganida, kelajakda shunday foydali innovatsion texnologiyalarni o‘ylab topish va ularni odamlarga taklif qilish uchun yanada yaxshiroq o‘qishlarini aytishdi. O‘shanda hamma bolalar shunday uylarda yashashlari mumkin bo‘ladi».
Jo‘rayevlarning qo‘shnisi Ahatjon va Shahnoza Qodirovalarning ham hikoyasi shunga o‘xshash. Ular qulay, past uglerodli uyga na issiq suv, na boshqa qulayliklari bo‘lgan xom g‘ishtdan qurilgan uydan ko‘chib o‘tishgan. Hozir ularning farzandlari uy vazifalarini o‘z xonasida sutkaning istalgan vaqtida bajarishlari mumkinligidan xursand, chunki “yashil” texnologiyalar tufayli chiroq har doim bor.
«Eski uyimiz bilan tenglashtirib bo‘lmaydi», - deydi Qodirovlar. Ular uchun “yashil” uy – o‘zgacha qulaylik va, umuman, turmush darajasi.
Ahatjon mablag‘lar tejalishi borasida g‘aroyib raqamlarni keltiradi.
«Eski uyda isitish uchun ko‘mirdan foydalanishimizga to‘g‘ri kelardi, bunga oyida kamida 700 ming so‘m (qariyb 69 AQSH dollari) ketardi», - deydi u. - «Hozir biz ko‘mir ishlatmaymiz. Hatto elektr energiyasiga ketadigan xarajatlarni ham hisobga olganda oyiga 500 ming so‘mga yaqin mablag‘ni tejaymiz».
2019-yilda biz qo‘llab-quvvatlanayotgan loyiha doirasida 800 ta oilaga “yashil” ipoteka olish borasida ko‘mak ko‘rsatildi. Hozir ularning hammasi past uglerodli uylarda istiqomat qiladi. Loyiha bo‘yicha ishlar 2020-yilda ham davom etmoqda. Xususan, “yashil” uyga 528 ta ipoteka kreditini taqdim etish rejalashtirilgan. Ularning paydo bo‘lishi CO2 ekvivalentida 250 ming tonnaga yaqin issiqxona gazlari tashlanishini qisqatirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, loyiha Qurilish vazirligi bilan ham faol ishladi. Bu yiliga taxminan 15 000 ta uyni qamrab oladigan arzon qishloq uylari bo‘yicha butun bir Davlat dasturi doirasida energiya tejamkorligini oshirish bo‘yicha majburiy chora-tadbirlarning qabul qilinishiga olib keldi. Energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan universal qoidalar esa faqatgina 2019 va 2020 yillarning o‘zida qurilgan binolardan atmosferaga issiqxona gazlari tashlanishini CO2 ekvivalentida taxminan 3,3 mln tonnaga qisqartirish imkonini beradi.
Loyihaning asosiy maqsadi ham energiya tejamkor va past uglerodli uy-joylarning O‘zbekiston bozoridan o‘rin egallashi hamda, hatto, loyiha va uning GEF tomonidan moliyalashtirilishi yakunlanganidan keyin ham, talabga ega bo‘lishining imkonini beradigan barqaror bozor transformatsiyasini yaratishdan iborat. “Yashil” Beshkapa ko‘chasining tajribasi ushbu transformatsiya juda yaqinligini ko‘rsatmoqda.