Muallif: Iroda Muminova
Transformativ chora-tadbirlar Orol dengizi mintaqasida toza ichimlik suvini olish imkonini beradi
12-March, 2024
Ichimlik suvi – bu birinchi navbatda inson salomatligi garovidir. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, dunyodagi barcha kasalliklarning 70% sifatsiz, sanitariya-gigiyena normalariga javob bermaydigan ichimlik suvi bilan bog’liqdir.
Oxirgi yillarda Orolbo’yi hududining yagona suv manbai bo’lgan Amudaryo deltasining suvi ifloslangan, undagi suvning tarkibi va xususiyatlari to'g'ridan-to'g'ri insoniyatga o’z ta'sirini ko’rsatmoqda. Suvning tarkibida inson organizmi uchun zararli bo’lgan moddalar: katta miqdorda mineral tuzlar, o'simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalar qoldiqlari, biogen elementlar, og'ir metallar topilgan va bunday suv iste’mol uchun umuman yaroqsiz hisoblanadi. Orolbo'yidagi suv manbalarining ifloslanishi ham shu bilan bog'liq bo’lib, chekka hududlardagi suvni tozalash va dezinfektsiyalashdagi muammolar, ichimlik suvi ta'minoti tizimlarining texnik buzilishlari Orolbo’yi hududida suv bilan bog’liq ekstremal sanitariya-gigiyenik holatini shakllantiradi va bu aholining sog’ligi keskin yomonlashishiga olib kelmoqda. Shuning uchun ushbu hududda eng muhim masala bu sanitariya sharoitlarini yaxshilash hisoblanadi.
Kegeyli tumanining eng ko’p aholi yashaydigan chekka hududlarida ham shu kunga qadar toza ichimlik suvi bilan bog’liq muammolar bor edi. "Shuyt", "Aranshi" va "Tokmang’it" jamoa aholisi suv yetishmovchiligidan aziyat chekishar edi. 2006-2007 yillarda Shuyt jamoasida suvni tuzsizlantirish zavodi qurilgan va ushbu zavod suv ta'minoti liniyasi bo'lmagan aholi uchun suv sotish punkti sifatida ishlatilgan. Ammo, suvni tozalash uskunalarining quvvati past bo'lib, ko’p uskunalar juda eskirgan va ishlamay qolgan, bu esa o'z navbatida butun aholi punktiga toza ichimlik suvidan foydalanishga to'sqinlik qilgan edi.
Vaziyatni dolzarbligini tan olgan holda, BMTTD, UNICEF va FAO Qo'shma dasturi doirasida mahalliy aholi bilan suhbatlar o’tkazilib, aholining eng asosiy muammolari aniqlashtirish maqsadida muhokamalarga jalb qildi va aholi bir ovozdan ichimlik suvi muammosi deya e’tirof etishdi. "Shuyt" jamoasida tuzsizlantirish zavodini rekonstruksiya qilish va “Shuyt", “Aranshi" va "Tokmang’it" jamoalarda suv ta'minoti tarmoqlarini qurish bo'yicha takliflar ilgari surildi.
"Tuzsizlantirish zavodi dastlab quvur liniyasi bo'lmagan savdo nuqtasi sifatida qurilgan va biz suv sotib olish uchun uzoq yo'lni bosib o'tishimiz kerak edi, ammo hozir uylarimizda quvur liniyasi bor, endi biz stantsiyaga borishimiz shart emas"deydi Gulimbetova Gumsay, Shuyt jamoa aholisidan biri.
"Biz oilada 7 kishimiz, oldinlari suv bilan juda qiynalar edik. O'zim 53 yoshman, har xil ob-havo holatlarida uzoq masofa bosib suvni sotib olib kelish qiyinchiliklar, noqulayliklar tug'dirar edi. Endi esa uylarimizda suv quvurlari borligi ko'p ishimizni yengillashtirdi va vaqtimizni, pulimizni tejadi"Minayxan Koshanova ham toza ichimlik suv tanqisligiga uchragan hudud fuqarosi, oldinlari qanchalik qiynalganini yodga olib va hozirgi holatdan minnatdor bo’lib shunday deydi.
2023-yil 12 dekabr kuni BMT Taraqqiyot Dasturining delegatsiyasi Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrif buyurib, rekonstruksiya qilingan "Suv tozalash stansiyasi" ochib berdilar, bu esa mintaqaning toza suvga kirish yo'lidagi muhim bosqich bo'ldi.
Bugungi kunga qadar loyiha hujjatlariga muvofiq qurilish-montaj ishlari yakunlandi, tuzsizlantirish uskunalari to'liq hajmda yetkazib berildi, o'rnatildi va ishga tushirildi. Ushbu loyiha natijasida endi 1,500 ga yaqin aholi (ulardan 800 nafari ayollar) toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega.
Rekonstruksiya ishlari BMTning O'zbekistondagi Orolbo'yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo'yicha ko'p sheriklik trast fondi tomonidan O‘zbekiston, Norvegiya, Yevropa Ittifoqi, Finlyandiya, Janubiy Koreya, Germaniya hukumatlari hamda «Alwaleed Philanthropies” xayriya tashkiloti ko‘magida moliyalashtiriladigan BMT Taraqqiyot dasturi, UNICEF va FAO hamkorligidagi "Orolbo‘yi mintaqasida yashil va innovatsion rivojlanish orqali yoshlarning porloq kelajakka erishish yo‘lida imkoniyatlarini kengaytirish" qo’shma dasturi doirasida tashkil etilgan.