“Yashil” qishloq xoʼjaligi: tiklanish va kelajak yoʼlida

Mualliflar: Guljamal Milibaeva va Karen Cirillo

21-April, 2022

 

Suratda: Husanboy Boyboboyev oʼz issiqxonasini ekin uchun tayyorlamoqda. Fotosuratlar: BMTTD Oʼzbekiston / Elyor Neʼmat

 

Husanboy Boyboboev - Oʼzbekistonning olis togʼ qishloqlaridan birida istiqomat qilib, mevali daraxt koʼchatlari va mevali butalar yetishtirish bilan shugʼullanadi. Hamqishloqlaridan biri unga daraxt kesib, oʼtin sotish uchun kerak boʼladi, degan maʼnoda, zanjirli arra uchun kredit olishni maslahat berganida, Husanboy choʼrt kesdi: “Men daraxt kesishni emas, ekishni xohlayman”. Husanboy - Namangan viloyatidagi “yashil” tiklanish harakatining aʼzosi. Hozirgi kunda u naʼmatak, gilos, olma koʼchatlarini yetishtiradi, bu mevalarning inson salomatligi uchun foydasi bilan bir qatorda, ularni terish, saqlash va sotish sir-asrorlaridan yaxshi xabardor.

Fotosuratlar: BMTTD Oʼzbekiston / Elyor Neʼmat

Naʼmatak butalari Husanboyning hovlisidagi mevali daraxtlar orasida, bogʼdagi yoʼlaklar va uy boʼylab oʼsib yotibdi. Shinamgina bogʼda esa qishloqda hali keng tarqalib ulgurmagan kabachki yetishtiriladi. Shaxsiy tajribasida Husanboy kabachki tez yetilishi, sugʼorish uchun boshqa poliz ekinlari, masalan, bodringga qaraganda kamroq suv talab qilishi, shu bilan birga, hattoki pishib oʼtib ketganlari ham isrof boʼlmasligi - ulardan chorva uchun arzon va toʼyimli ozuqa tayyorlash mumkinligiga amin boʼlgan.

Fotosuratlar: BMTTD Oʼzbekiston / Elyor Neʼmat

Bugungi kunda Husanboyning tomchilatib sugʼorish tizimi va quyosh energiyasi yordamida isitiladigan issiqxonasi bor boʼlib, bu yosh fermerga koʼchat yetishtirish borasida yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Issiqxonalar qishloq xoʼjaligidagi ulkan salohiyatga ega boʼlgan eng muhim ixtirolardan biri boʼlsa ajab emas, negaki bu yopiq maydonlarda oʼsimliklarning mavsumga, keskin harorat va noqulay ekologik sharoitlariga qaramay oʼsishi va rivojlanishi kafolatlanadigan noyob shart-sharoitlar yaratiladi. Garchi quyosh nuri yetarli boʼlmasligi tufayli qish mavsumida issiqxonalarda ekinlarning oʼsish salohiyati biroz pasayishi mumkin boʼlsa-da, texnologik taraqqiyot tabiiy resurslardan noqulay sharoitlarda ham foydalanish imkonini berdi. Masalan, Husanboyning issiqxonasi quyosh energiyasida ishlaydigan jihozlar yordamida isitiladi.

“Endi bunday issiqxona yordamida hamqishloqlarimni koʼchatlar bilan taʼminlash uchun yetarli miqdorda naʼmatak yetishtirishim mumkin, – deydi u ishtiyoq bilan. – Ularga namaʼtakning foydasini, tarkibida C vitamini moʼl ekanini tushuntirdim. Bundan tashqari, undan oila ehtiyojlari uchun foydalanish yoki ulgurji xaridorlarga pullash mumkin”.

Fotosuratlar: BMTTD Oʼzbekiston / Elyor Neʼmat

Qurilishiga BMT Taraqqiyot dasturining “Oʼzbekistonda “yashil” tiklanish sari” loyihasi koʼmaklashayotgan issiqxona yon-atrofdagilar uchun oʼziga xos tajriba maydonchasi vazifasini oʼtab, odamlarni issiqxonachilik bilan muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda shugʼullanishga undaydigan muhim omilga aylanishiga umid qilish mumkin. Elektr energiyasi narxi yildan-yilga oshib borayotgan bir sharoitda, quyosh batareyalarini keng joriy etish va issiqxona hamda parniklarning afzalliklaridan samarali foydalanish kun talabiga aylanib bormoqda. Quyosh batareyalari fermer xoʼjaligini avtonom tarzda barqaror isitish va elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash imkonini beradi.

Yuqorida aytib oʼtganimiz - Namangan viloyatida amalga oshirilayotgan beshta loyihadan biri boʼlib, ular yangi texnologiyalar, sugʼorishning ekologik xavfsiz tizimlari va quyosh batareyalari kabi muqobil energiya manbalaridan foydalanish usullarini keng joriy etishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, ayni kunlarda Qoraqalpogʼistonning Orolboʼyi mintaqasida yana 9 ta tajriba-sinov tadbirlari ayni avjida.

Taxtakoʼpir qishlogʼida istiqomat qiluvchi Igilikovlar oilasi mana besh yildirki biotermik parnik va issiqxonalardan foydalanib keladi. Аgronomlik sir-asrorlarini mustaqil oʼrgangan bu oila vakillari yil davomida sabzavot yetishtirish borasida katta yutuqlarga erishib, bir necha marta turli mukofotlarga sazovor boʼlgan. Biyshegul Igilikova oʼgʼli Qalmurat yetishtirgan baland pomidor daraxtining suratlarini faxr bilan koʼrsatib, biogumus yordamida koʼchat yetishtirish borasida toʼplagan boy tajribasi toʼgʼrisida ishtiyoq bilan soʼzlaydi. Maʼlumoti boʼyicha moliyachi boʼlgan Qalmurot ham, onasi kabi qishloq xoʼjaligiga mehr qoʼygan.



Suratda: Qoraqalpogʼistonda yetishtirilayotgan ekinlar. Fotosurat: BMTTD Oʼzbekiston / Arslan Kannazarov

Avvaliga, Igilikovlar oilasi biotermik parniklarni sinab koʼrdi, keyinchalik esa katta issiqxona qurib, u yerda ham sabzavot va koʼkatlarni anʼanaviy isitish usullaridan foydalanmagan holda yetishtirish borasidagi tajribalarini davom ettirib, biogumus ishlab chiqarish sirlarini egalladi. Biotermik energiya - qayta tiklanadigan energiya manbai boʼlib, elektr energiyasini organik materiallarni kompostlash orqali ishlab chiqarishga asoslangan. Mazkur usul qishloq xoʼjaligida ancha keng qoʼllanadi.

Аyni paytda esa Igilikovlar oilasi loyiha koʼmagida biotermik isitish tizimiga ega boʼlgan yangi, kattaroq issiqxonani qurish bilan band. Sabzavotlarni yil-oʼn ikki oy davomida yetishtirish imkoniyati ekologik fojeadan aziyat chekayotgan mintaqa uchun ayniqsa muhim ahamiyatga ega. Mintaqadagi aholining turmush tarzini butkul oʼzgartirib yuborgan Orol dengizining qurishi odamlarning salomatligi, bandligi, iqlim va tuproq holatiga salbiy taʼsir koʼrsatdi. Yaqin-yaqingacha bu yerlarda yangi yetishtirilgan qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini faqat muayyan fasllardagina topish mumkin edi.

“Mana bir necha yildirki, sabzavot va koʼkatlarni bozorga qishda ham, yozda ham yetkazib beramiz, – deydi faxr bilan Biyshegul. - Xaridorlar bizni oʼzlari topadi, issiqxonamizga keladi. Yangi issiqxona yordamida esa pomidorning yangi navlarini ham yetishtiramiz». Qishloq xoʼjaligi iqtisodiyot tizimida muhim ahamiyat kasb etadi, negaki, boshqa koʼplab foyda va afzalliklar bilan bir qatorda, kambagʼallikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, qishloq xoʼjaligi amaliyotlari atrof-muhitga zarar yetkazmasligi va kutilmagan ekologik oqibatlarni minimallashtirishi lozim.

BMTTDning COVID-19 pandemiyasidan keyingi davrda mintaqadagi iqtisodiy tiklanishni qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan saʼy-harakatlari doirasida amalga oshirilayotgan “Oʼzbekistonda “yashil” tiklanish sari” loyihasi, aslida, kompleks darajadagi «yashil» va inklyuziv iqtisodiy rivojlanish modeli boʼlib, mamlakat miqyosida joriy etish uchun tegishlicha moslashtirilishi va barcha darajalarda uzoq muddatli «yashil» tiklanish chora-tadbirlarini ragʼbatlantirish imonini yaratadigan qulay muhit, siyosat va meʼyoriy-huquqiy bazani shakllantirishga xizmat qilishi mumkin.

Fotosuratlar: BMTTD Oʼzbekiston / Elyor Neʼmat

Oʼzbekistonda «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlar 2020 yilda COVID-19 pandemiyasidan avval boshlangan. Jumladan, tegishli Strategiyada energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish koʼlamini kengaytirish, resurslar samaradorligi va ekinlar hosildorligini oshirish hamda yer degradatsiyasini cheklash orqali milliy issiqxona gazlari tashlanmalari hajmini kamaytirish kabi maqsadlar belgilangan. Shu bilan birga, BMTTD va uning hamkorlari “yashil” iqtisodiyotga oʼtish jarayoniga koʼmaklashish uchun Hukumatni strategik va siyosiy darajalarda qoʼllab-quvvatlab kelmoqda.

“Oʼzbekistonda «yashil» tiklanish sari” loyihasi BMTTD Tezkor chora-tadbirlar mintaqaviy mexanizmining COVID-19 pandemiyasidan keyingi davrda qayta tiklanishga qaratilgan saʼy-harakatlari doirasida amalga oshirilib, past uglerodli biznes modellari va pandemiyadan keyingi dunyo hamda global iqtisodiyot uchun «yashil» yechimlarni ilgari suruvchi investitsiyalarni qoʼllab-quvvatlaydi.