Nukusda qishloq xoʻjaligiga innovatsion yondashuvlar muhokama qilindi

25-November, 2019

UNDP Uzbekistan image

2019 yilning 23 noyabr kuni Nukusda “Orolboʻyi mintaqasini tabiiy ofatlarga duchor boʻlgan hududdan innovatsiyalar va barqaror rivojlanish hududiga (qishloq xoʻjaligi sektori) oʻzgartirish yoʻlida” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv Qoraqalpogʻistonning qurgʻoqchil hududlarida joylashgan fermer va dehqonchilik xoʻjaliklarini iqlimga bardoshligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan BMT Taraqqiyot Dasturi va Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazining qoʻshma loyihasi doirasida tashkil etildi.

Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Hukumatlararo ekspertlar guruhining maʼlumotlariga koʻra, 20-asrning boshidan beri Markaziy Osiyoda havo oʻrtacha 1-2 darajaga isishining umumiy holatlari kuzatilmoqda, bu esa harorat rejimiga, yogʻingarchilik davomiyligi va jadalligiga, hamda tabiiy ekotizimlar holatiga, odamlar va hayvonlar salomatligiga sezilarli darajada taʼsir oʻtkazishi mumkin. Shunday qilib, iqlim oʻzgarishi mintaqada qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi salohiyati uchun jiddiy tahdid soladi.

Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashdagi ilgʻor texnologiyalar, qurgʻoqchilikni oldindan ogohlantirish vositalari va fermerlarga maslahatlar orqali yordam Orolboʻyidek iqlim oʻzgarishi oqibatlariga juda ham moyil boʻlgan hududlarda Barqaror rivojlanish maqsadlarini joriy qilish sohasidagi kun tartibini amalga oshirish uchun yangi va ishonchli imkoniyatni yaratmoqda. Bugungi kunda hukumat, rivojlanish boʻyicha xalqaro agentliklar va xorijik ilmiy-tadqiqot institutlarining birgaliydagi saʼy-harakatlari qishloq xoʻjaligi va dehqonchilikda odat boʻlib qolgan anʼanaviy yondashuvlarni fikrlashning innovatsion modellariga oʻzgartirishga qodir boʻlgan eng samarali yechimlarni izlab topishga yoʻnaltirilgandir.

Davra suhbatida taʼkidlanganidek, hukumatning tabiiy ofatlarga eng duchor boʻlgan Orolboʻyida innovatsiyalar va texnologiyalar zonasini yaratish boʻyicha tashabbusi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, iqlim oʻzgarishi va atrof-muhit, sogʻliqni saqlash va gender tengligi kabi sohalardagi majmuaviy vazifalarni bajarishga yoʻnaltirilgan va, shuningdek, u mana shunday yechimlarni amalga oshirish uchun juda ham yaxshi imkoniyat hisoblanadi. Maʼruzachilar koʻtargan muhim masalalar orasidan agro va suv resurslariga iqlim oʻzgarishini taʼsiri ham oʻrin oldi. Shu yerni oʻzida Qoraqalpogʻistonda qurgʻoqchilik va yerlar degradatsiyasining salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan amalga oshirish mumkin boʻlgan yondashuvlar ham koʻrib chiqildi. Mutaxassislarni qayd etishicha, Amudaryoning quyi oqimi uchun qurgʻoqchilikni oldindan ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish  bu yoʻnalishdagi eng samarali vositalardan biri hisolblanadi. BMTTD bilan birgalikdagi loyiha doirasida qurgʻoqchilikni oldindan ogohlantirish tizimi Amudaryoning quyi oqimi sharoitlariga moslashtirildi. Mazkur tizim sugʻorish davrida 3-6 oylik barvaqt ogohlantirish orqali qurgʻoqchilik va kamsuvlikni bashorat qilish imkonini beradi. Barvaqt ogohlantirish har oyda olib turiladi va ma’lumotlar aniqligi 70-100 foizni tashkil qiladi.

 

Loyiha vakillari agro va suv tejamkor amaliyotlar hamda degradatsiyaga uchragan tabiiy yaylovlarni tiklash boʻyicha chora-tadbirlar natijalarini taqdim etdilar. Masalan, 2018 va 2019 yillarda loyihaning Qoraqalpogʻistondagi beshta namunali tumanida kooperativ shaklida 10ta yaylov hamjamiyatlari tashkil etildi. Bugungi kunda ushbu hamjamiyatlar 47 830 nafar qishloq aholisini birlashtirgan, ular degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va yangilarini yaratish boʻyicha ishlarni amalga oshirmoqdalar. Tashabbusni qoʻllab-quvvatlagan namunali tumanlarning mahalliy xokimiyat organlari tomonidan yaylov kooperativlariga 25-30 yillik muddatga 34 960 gektar yer ajratib berildi.

Davra suhbati ishtirokchilariga Orol dengizining qurigan tubini 21 200 gektarida bajarilgan oʻrmon meliorativ ishlarning natijalari ham taqdim etildi. BMTTD va Oʻzbekiston Respublikasining Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi oʻrtasida 2018 yilda imzolangan oʻzaro hamjihatlik haqidagi Bayonnoma doirasida 13 600 gektar hududda saksovulni ekish, 7 600 gektar yerda qumni ushlab turadigan egatlarni tayyorlash amalga oshirildi va 160 gektar yer maydonida choʻl va qurgʻoqchilikka bardosh oʻsimliklar koʻchatxonalarini qurish boʻyicha ishlar bajarildi, bu esa 35 000 gektar yerga koʻchatlarni oʻtqazishni taʼminlaydi. Hamda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-2028 yillar mobaynida biologik xilma-xillikni saqlash boʻyicha Strategiyasini amalga oshirish doirasidagi yirik koʻlamli oʻrmon meliorativ ishlarning natijalari ham koʻrib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tizimli yondashuv asosida Orolboʻyi hududini rivojlantirish milliy dasturlariga Barqaror rivojlanish maqsadlarini integratsiyalash boʻyicha BMTTDning tashabbusi eʼlon qilindi. Ishtirokchilar mazkur yondashuvni hududda amalga oshirilayotgan dasturlardan olingan tajriba asosida mahalliy hamjamiyatlar darajasida qoʻllash imkoniyatlarini muhokama qildilar.

BMTTDning Oʻzbekistonga koʻmagi bir-biri bilan oʻzaro bogʻliq boʻlgan maqsadlarga erishishga yoʻnaltirilgan: bular - barqaror iqtisodiy rivojlanish, samarali davlat boshqaruvi, iqlim oʻzgarishiga moslashish va atrof-muhit muhofazasi sohalarida islohotlarni jadallashtirish.