2024 yil 6-12 oktyabr kunlari Berlin va Potsdam shaharlarida O'zbekiston delegatsiyasi uchun o'quv safari bo'lib o'tdi. Mazkur o'quv safari O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD)ning "Yoshlarning raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirish" qo'shma loyihasi doirasida tashkil etildi.
O'zbekiston delegatsiyasi Germaniyaning kichik va o'rta biznesni qo'llab-quvvatlash tajribasini o'rganmoqda
17-October, 2024
Delegatsiya tarkibida Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Soliq qo'mitasi, Markaziy bank, Makroiqtisodiy va mintaqaviy tadqiqotlar instituti hamda Statistika agentligi kabi davlat organlarining vakillari bo’lib, ular Germaniyaning davlat va xususiy tashkilotlari tomonidan tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash va barqaror iqtisodiy o'sishni ta'minlashda innovatsion yechimlardan foydalanish tajribasi bilan tanishish imkoniga ega bo'lishdi.
O'quv safarining asosiy maqsadlari:
- KOBlarni qo'llab-quvvatlash davlat siyosati va mexanizmlarini o'rganish: Delegatsiya Germaniyaning kichik va o'rta biznesni (KOB) rag'batlantirish va qo'llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari bilan tanishdi, bunda innovatsiyalar va moliyalashtirish hamda resurslarga kirishni soddalashtirishga e'tibor qaratildi.
- Raqamli tadbirkorlik bo'yicha eng yaxshi amaliyotlarni o'rganish: Ishtirokchilar startap inkubatorlari, texnologik parklari va o'quv markazlariga tashrif buyurishdi, bu yerda ular innovatsion biznes yechimlarining muvaffaqiyatli misollari bilan tanishdilar.
- Tadbirkorlar uchun moliyaviy yordam va kapitalga kirish imkoniyatlari: Delegatsiya KOBlarni moliyalashtirish mexanizmlariga, jumladan, davlat subsidiyalari, imtiyozli kreditlash, mikromoliyalashtirish va xususiy investitsiyalarni jalb qilishga alohida e'tibor qaratdi.
- Malakani oshirish va inson kapitalini rivojlantirish: Ishtirokchilar raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar yordamida biznesni rivojlantirishga yo'naltirilgan yoshlar uchun malaka oshirish va kasbiy tayyorgarlik dasturlari bilan tanishdilar.
Safar davomida delegatsiya Berlin va Potsdamdagi asosiy muassasa va tashkilotlarga tashrif buyurib, moliyalashtirish mexanizmlari va ilg'or ta'lim tizimlari haqida qimmatli bilimlarga ega bo'ldi. Asosiy e'tibor KOBlarni qo'llab-quvvatlash siyosatini yanada samarali rivojlantirish, raqamli ko'nikmalarni rivojlantirish va O'zbekistonda tadbirkorlik tashabbuslarini jadallashtirishga qaratildi.
Delegatsiya safar davomida quyidagi tashkilotlar vakillari bilan samarali uchrashuvlar va muzokaralar olib bordi:
- KfW Development Bank, jumladan, KfW Mittelstandsbank va KfW Capital, bu yerda KOBni moliyalashtirish uchun innovatsion yechimlar taqdim etildi.
- TUMO-Lernzentrum innovatsion ta'lim markazi, bu markaz yoshlar uchun raqamli va ijodiy ko'nikmalarni rivojlantirishga ixtisoslashgan.
- IHK Potsdam biznes-festivali: Mahalliy biznes ekotizimi bilan tanishish va biznes aloqalarni o'rnatish imkoniyatlarini yaratgan tadbir.
- German Economic Team, bu yerda ekspertlar iqtisodiy siyosat va KOBlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha o'z tajribalari bilan o'rtoqlashdilar.
- Potsdam universitetining startap xizmati, bu yerda ishtirokchilar startaplarni qo'llab-quvvatlash va innovatsiyalarni rivojlantirish bo'yicha tashabbuslarni o'rgandilar.
- Iqtisodiyot va iqlimni himoya qilish bo'yicha Federal vazirlik (BMWK), bu yerda delegatsiya iqtisodiy o'sish va barqaror rivojlanishni qo'llab-quvvatlash bo'yicha milliy strategiya va siyosatni muhokama qildi.
Safar natijasida ishtirokchilar O'zbekistonda kichik va o'rta biznesni qo'llab-quvvatlash bo'yicha yangi yondashuvlarni ishlab chiqish va joriy etish uchun olingan bilimlarni qo'llash imkoniyatiga ega bo'lishadi. Maxsus e'tibor raqamli texnologiyalarni joriy etishga va innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish uchun sharoit yaratishga qaratiladi. Shuningdek, bu Germaniya bilan KOB va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo'yicha hamkorlikni mustahkamlashga, O'zbekistonning barqaror rivojlanishini qo'llab-quvvatlashga xizmat qiladi.