Davlat xizmatlarini raqamlashtirish shaffoflikni oshirish hamda korrupsiya va poraxo‘rlik holatlarini kamaytirish orqali davlat muassasalariga nisbatan ishonchni mustahkamlashga yordam beradi. O‘zbekistonda blokcheyn texnologiyasini joriy etish yagona elektron FHDYo tizimining ma’lumotlarini yaxshilash va himoya qilishda qanday imkoniyatlar yaratadi? Bu haqida, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Sharlotta Adrian va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska hammuallifligida tayyorlangan maqolada o‘qing.
O‘zbekistonda blokcheyn texnologiyasi - yanada shaffof davlat xizmatlari uchun
26-August, 2022
O‘zbekistonda xususiy va davlat sektorlarini raqamlashtirish jarayoni qizg’in davom etmoqda. Mamlakat doirasida va xalqaro miqyosda ishlab chiqilgan ko‘plab yangi raqamli ilovalar va vositalar fuqarolarga siyosiy yo’nalishni belgilash jarayonida ishtirok etish, litsenziyalar va ruxsatnomalar olish uchun murojaat qilish, yuridik maslahat olish va korruptsiya va poraxo‘rlik holatlari haqida xabar berish uchun samarali vositalarni taqdim etdi.
Oʻzbekistonda taxmin qilingan yuqori darajadagi korrupsiya darajasini hisobga olgan holda davlat muassasalariga bo’lgan ishonchni mustahkamlashda raqamli innovatsiyalar imkoniyatlaridan, xususan, blokcheyn texnologiyasidan foydalanish muhim hayotiy ahamiyatga ega. O‘zbekiston FHDYo yagona elektron tizimiga blokcheynni joriy etish Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining O'zbekistondagi Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamkorligida tatbiq etilayotgan “O‘zbekiston qishloq hududlarida davlat xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” (IPSD) loyihasi doirasida xavfsizlikni yaxshilash va davlat xizmatlaridan foydalanishni tezlashtirish orqali fuqarolarning hayotini yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan tadbirlardan biridir.
Markaziy Osiyoning eng jadal rivojlanayotgan davlatida ushbu texnologiyani davlat muassasalarida puxta o‘ylangan holda qo‘llash aholi turmush darajasini yaxshilash, tengsizliklarni kamaytirish va milliy miqyosda Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishish imkonini beradi. Xalqaro tajribani o‘rganish va muvaffaqiyatli misollarni milliy sharoitga moslashtirish orqali IPSD loyihasi O‘zbekiston davlat organlariga blokcheyn texnologiyasini tasdiqlangan yo‘nalishlarda qo‘llash yordamida oldinga “sakrash”ga yordam beradi.
Blockchain nima va u fuqarolarni qo'llab-quvvatlashda davlatga qanday yordam beradi?
Oddiy qilib aytganda, blokcheyn - bu ma'lumotlar xavfsiz tarzda saqlanadigan ma'lumotlar bazasi. Bunga har bir yangi yozuvni avvalgisi bilan bog'lash orqali erishiladi, natijada ma'lumotlar bloklardan tashkil topgan zanjir paydo bo'ladi (ingliz tilida “block chain” – bloklar zanjiri)– nomi ham shundan kelib chiqqan! Jismoniy jihatdan, blokcheyn ma'lumotlar bazasi taqsimlanadi, bu vakolatli foydalanuvchilarga ma'lumotlarni mustaqil tarzda qo'shish imkonini beradi. Ilgari saqlangan ma'lumotlarga o'zgartirish kiritish ilojsiz, chunki bunda harakat zanjirni uzilishiga olib keladi, va aynan shu “o’zgartira olmaslik” blokcheynni davlat ma'lumotlar bazalarida raqamli yozuvlarni saqlashning xavfsiz va ishonchli vositasiga aylantiradi.
Yevropa hududi va undan tashqaridagi koʻplab mamlakatlar tajribasiga tayangan holda, hozirgi kunda Oʻzbekistonda FHDYo (ZAGS) tizimida, keyinchalik esa Davlat soliq qoʻmitasi va Sogʻliqni saqlash vazirligida joriy etishni nazarda tutgan tarzda, blokcheynni sinovdan oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Axborot xavfsizligini va unga bo’lgan ishonchni taʼminlash Oʻzbekiston fuqarolariga yanada baxtli hayot kechirishlariga koʻmaklashishga qaratilgan 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha yakunlangan Milliy Harakatlar strategiyasining maqsadlarini aks ettiradi.
Blokcheynning afzalliklari vaqt o'tishi bilan mustahkamlanib borishi va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarida aholining turli qatlamlari o’rtasidagi tafovutlar oshmasdan, aksincha qisqarib borishi uchun blokcheynni davlat xizmatlarini ko'rsatish tizimiga joriy etilishi bosqichma-bosqich va puxta o'ylangan tarzda bo'lishi kerak. Boshqa xorijiy davlatlarda blokcheyn qanday joriy etilganligi yuzasidan IPSD loyihasi olib borgan tadqiqoti hamda Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburgga tashkil etilgan o‘quv safari natijasida olingan xulosalar O‘zbekistonda kuchli huquqiy va siyosiy bazani yaratish, zarur raqamli infratuzilmani tashkil etish va mas’ul davlat amaldorlarining raqamli ko‘nikmalari rivojlantirish zarurligini ko‘rsatadi
Blokcheyn uchun huquqiy asos doimiy innovatsiyalar va tajribalarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan bo’lishi kerak. BMTTD tadqiqotlari shuni ko'rsatadiki, blokcheynni davlat funksiyalariga kiritish turli sohalarda qonuniy va tartibga soluvchi talablarga rioya qilishni talab qiladi. Bular kripto aktivlarini tartibga solish, smart-shartnomalarni bajarilishini ta’minlash, raqamli identifikatsiyani tartibga solish, ma'lumotlarni himoya qilish, ma'lumotlar maxfiyligi va yaxlitligini o'z ichiga oladi. Davlat sektorida bunday raqamli innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlovchi siyosiy muhitini yaratish zarurati allaqachon “Raqamli O‘zbekiston 2030” strategiyasida belgilangan.
O‘zbekistonda FHDYo uchun blokcheyn yechimini ishlab chiqish uchun IT-kompaniya yollandi. 2022-yilda kerakli IT infratuzilma o‘rnatildi, u avvalroq sotib olingan tarmoq server uskunalari bilan takomillashtirildi. Shuningdek, respublika bo‘ylab AKT xodimlari uchun ixtisoslashtirilgan treninglar tashkil etiladi.
Oldingi natijalarga asosan olingan bilimlar
O‘zbekiston davlat xizmatlariga blokcheynni joriy qilish uchun poydevor yaratish va boshqa hukumatlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamaslik uchun xalqaro, xususan, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning tajribasidan asosli foydalanishni talab qildi. 2021-yil noyabr oyida IPSD loyihasi yangi avlod elektron xizmatlari va elektron hukumatni yaratish doirasida blokcheyn texnologiyasining amaliy qo‘llanilishini o‘rganish maqsadida Davlat xizmatlari agentligi (hozirgi Adliya vazirligi Davlat xizmatlari departamenti), Adliya vazirligi, AKTni rivojlantirish vazirligi va O‘zbekiston Davlat kadastri mas’ullari ishtirokida Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburgga o‘quv safarini tashkil qildi.
Lyuksemburgda O‘zbekiston delegatsiyasi davlat xizmatlarini yanada shaffof, ishonchli va samarali taqdim etish yo‘llarini qo‘llashni nazarda tutuvchi TOKEN (The Changing Impact of Blockchain Technology on Public Services - Blokcheyn texnologiyasining davlat xizmatlariga o‘zgaruvchan ta’siri) milliy loyihasini o‘rgandi va natijalari bilan tanishdi. Ishtirokchilar, shuningdek, blokcheyn qanday qilib davlat idoralari va fuqarolar o‘rtasidagi muloqotni yaxshilagani, qog‘ozbozlikni kamaytirgani, jamoatchilik ishtirokini oshirgani, raqamli demokratiya va shaffoflikni mustahkamlagani va avtomatlashtirishni targ‘ib qilgani haqida ma’lumot oldi.
Blokcheynni qo'llashdan tashqari, o’quv turning Gollandiya segmentida hukumat tomonidan boshqa raqamli yechimlardan foydalanish ham ko'rib chiqildi. Niderlandiya munitsipalitetlari milliy assotsiatsiyasi (VNG) jamoatchilik maydonini shakllantirishda fuqarolik tashabbuslari uchun interaktiv veb-saytlarni yaratishda "Open Stad" kabi raqamli platformalardan foydalangan. Gollandiya fuqarolariga o‘z jamoalarida infratuzilmani yaxshilash imkonini beruvchi Gaaga onlayn portali MijnDenHaag bilan bir qatorda ushbu platforma O‘zbekistonda ham qo‘llash imkoniyatiga ega.
O‘quv safari natijalari va olingan saboqlar asosida ishtirokchilar tomonidan O‘zbekistonda davlat xizmatlari sohasini raqamlashtirish yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Davlat xizmatlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun raqamli yechimlar
O‘zbekiston fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish tizimiga blokcheynni joriy etish oxirgi ikki yil davomida milliy ustuvor vazifa bo‘lib kelmoqda. Uning qoʻllanilishi butun mamlakat boʻylab aholi, jumladan, qishloq joylarda yashovchi 15 million fuqaro va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (jumladan, chekka hududlardagi keksalar, nogironlar, ayollar va yoshlar) manfaati uchun davlat xizmatlarini onlayn taqdim etishni oʻzgartirishga ko’mak beradi.
Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturi davlat xizmatlariga blokcheynni joriy etishdan tashqari, fuqarolar turmushini yaxshilashga, xususan, “yagona darcha” tamoyilidan foydalangan holda yangi Davlat xizmatlari markazlarini (DXM) ishga tushirish orqali ko’mak bermoqda. Bu tashabbuslar O‘zbekistonda 2017-yildan buyon amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar maqsadlarini o‘zida aks ettirib, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini birinchi navbatda aholi ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirishga qaratilgan.
To’g’ri tatbiq etilishi ta’minlangan holda va davlat boshqaruvida amalga oshirilayotgan boshqa o’zgarishlar bilan birgalikda, blokcheyn O‘zbekistonning barcha fuqarolari uchun sezilarli foyda keltirishi mumkin.