Tashabbusli budjet fuqarolarning daxldorlik hissini sezilarli darajada oshirishi va hayot sifatini yaxshilashi mumkin. Qolaversa, u barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda samarali vositaga aylanishi mumkin, deb yozadi BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska.
Tashabbusli budjet: sinovdan yangi amaliyotlar sari
17-October, 2022
Oʻzbekiston hukumati 2019-yilda fuqarolar budjet mablagʻlarini sarflanishini aniqlash boʻyicha qaror qabul qilishda ishtirok etishini taʼminlaydigan tashabbusli budjetlashtirishni (Participatory Budgeting) joriy qildi. Ovoz berishning navbatdagi davri nihoyasiga yetmoqda va natijalar aholi, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarida tashabbusli budjet amaliyotiga qiziqish ortib borayotganini koʻrsatmoqda. Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini taʼminlash tashabbusi joriy etilganidan buyon fuqarolar tomonidan davlat mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha berilgan takliflar soni 2,5 barobar, fuqarolarning ovozlari esa qariyb 10 barobarga oshdi. BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska fuqarolarning budjet jarayoniga jalb etish loyihasi qanday yaratilgani va rivojlangani, uning afzalliklari hamda rivojlanish sohasida yaratilayotgan imkoniyatlar toʻgʻrisidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
Oʻzbekistonda fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini taʼminlash tashabbusining rivojlanishi
Oʻzbekistonda fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini taʼminlash tashabbusi ilk bor 2018-yil avgust oyida qabul qilingan “Budjet maʼlumotlarining ochiqligini va budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qaroriga javoban ilgari surilgan. Aynan mana shu saʼyharakatlar natijasida tumanlar budjetidagi qoʻshimcha daromadlarning kamida 10 foizini fuqarolar tomonidan taklif qilingan sohalarni (tadbirlarni) moliyalashtirishga yoʻnaltirish uchun zamin yaratildi.
2021-yilga kelib fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini taʼminlashni siyosiy va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash darajasi oshdi. Prezidentning 2021-yil aprelda qabul qilingan “Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha choratadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida tumanlar (shaharlar) budjetlari tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini fuqarolar tomonidan kiritilgan takliflarni moliyalashtirishga yoʻnaltirish belgilandi. Bundan tashqari, tuman va shaharlar budjeti qoʻshimcha daromadlarining kamida 30 foizi ham fuqarolar tashabbuslariga yoʻnaltirilishi belgilandi.
2021-yilda Qoraqalpogʻiston, Toshkent shahri va viloyatlarda bittadan tuman/shaharda budjet mablagʻlarini fuqarolar tashabbuslari uchun taqsimlashning yangi mexanizmi sinovdan oʻtkazildi. 2022-yildan boshlab fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini taʼminlash amaliyoti mamlakatning barcha tumanlarida joriy etildi. Har yili budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish uchun fuqarolar takliflarini ilgari surish ikki mavsumda amalga oshiriladi. Joriy yil avgust oyida ikkinchi mavsum boshlanib boʻlgan.
Fuqarolarning mazkur mexanizm va uning natijalari toʻgʻrisidagi xabardorligi oshishi bilan ularning qiziqishi, ishonchi va daxldorlik hissi ham shunga yarasha ortib borishi lozim. Hozirgacha erishilgan natijalarning koʻlami toʻgʻrisida tasavvur hosil qilish uchun raqamlarga murojaat qilish kifoya. Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini taʼminlash doirasida ajratilayotgan budjet mablagʻlarining ortishi natijasida, fuqarolar tomonidan kiritilgan takliflar soni 2019-yildagi 28704 tadan 2022-yilda 69,7 mingtaga koʻpaydi. Bundan tashqari, turli tashabbuslar uchun ovoz berayotgan fuqarolar soni ham mos ravishda 87,7 mingdan 6,7 millionga koʻpaydi. Shu bilan birga, moliyalashtirish uchun tanlangan loyihalar soni 1102 tadan 2354 taga koʻpaydi. Bu raqamlar ortida oʻz tashabbuslari bilan oʻz hamjamiyatlaridagi infratuzilmaviy muammolarni hal etishga, oʻzi va qoʻshnilarining hayotini yanada qulay va yaxshiroq qilishga erishgan faol fuqarolar turibdi.
Oʻzbekistonda tashabbusli budjetlashtirish mexanizmi davlat tomonidan muntazam rejalashtirish jarayonida oʻz navbatini uzoq kutishi mumkin boʻlgan ayrim fuqarolar uchun zarur boʻlgan tashabbuslarga ustuvorlik berish va tezlashtirish uchun fuqarolarga muhim boʻla oladi. Shuningdek, fuqarolarning tanlov komissiyalariga taqdim etgan loyihalari boshqa investitsiya rejalarini bilan bir hil chiqsa, fuqarolar bundan xabardor qilinadi.
Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga (BRM) erishishni fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtiroki orqali tezlashtirish
Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini taʼminlash amaliyotlarini joriy etish va kengaytirish hukumatga kambagʻallikni qisqartirishga yordam berish barobarida, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sotuv bozorlariga kirish orqali kambagʻallikning barcha shakllariga barham berish nazarda tutilgan 1-son BRMga erishishga hissa qoʻshadi. Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini taʼminlash koʻp yoʻllar asfaltlanmagan va yogʻingarchilik mavsumida foydalanish qiyin boʻlib qoladigan, infratuzilma yetarli boʻlmagan qishloq joylarida ayniqsa foydali va samarali boʻlmoqda. Yil davomida yoʻllar holatining yomon boʻlishi odamlarning ishga, bolalarning esa maktabga borishini qiyinlashtiradi. Bu odamlarning harakatlanish imkoniyatlari hamda transport vositalarining samarali faoliyatiga toʻsqinlik qilib, qishloq joylarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ichki va mintaqaviy bozorlarga olib borilishiga salbiy taʼsir qiladi, pirovardida, iqtisodiy qoloqlikni keltirib chiqaradi.
Masalan, Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumanidagi “Yangihayot” mahalla fuqarolari elektr taʼminotining tez-tez uzilishi bilan bogʻliq qiyinchiliklarga duch kelishdi. Aytish joizki, internet yoʻqligi, yorugʻlikning zaifligi, elektr jihozlaridan foydalana olmaslik ularning kundalik hayotida noqulayliklar tugʻdirgan.
Bu mahallada yashovchi arxitektura yoʻnalishi talabasi Oybek Usanov bu holatning oʻqishiga katta toʻsiq boʻlayotganini koʻrib, oʻz mahallasiga transformator oʻrnatish taklifini yubordi va u mahalliy budjetdan moliyalashtirilishi uchun yetarlicha ovoz oldi. Bugungi kunda “Yangihayot” mahallasidagi har bir xonadon barqaror va sifatli elektr energiyasi bilan taʼminlangan boʻlsa, Oybek “Ochiq budjet” portali orqali mahallasida qoʻshimcha obodonlashtirish ishlarini boshlab yubordi.
Koʻp yillardan buyon ana shunday qiyinchiliklar bilan yashab kelayotgan Toshkent viloyatidagi !Jumabozor” mahallasi aholisi bunga yaqqol misol boʻlishi mumkin. Joriy yilda tumanda yashovchi faol fuqarolardan biri 1,5 km uzunlikdagi yoʻlni taʼmirlash taklifi bilan chiqdi. Taklif yetarlicha ovoz olib, qishloqqa kirish yoʻllarini taʼmirlash uchun davlat mablagʻlaridan 650 million soʻm (taxminan 60 000 AQSH dollari) ajratildi. Bu faol fuqarolarning tashabbusli budjet platformasidan foydalanish orqali hal qilinishini tezlashtira olgan minglab muammolardan ikkitasi, xolos.
Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini kengaytirish imkoniyatlari
Garchi bu sohada sezilarli yutuqlarga erishilgan boʻlsada, natijalarni yanada rivojlantirish va jalb qilinayotgan fuqarolar sonini oshirish uchun imkoniyatlar talaygina. Birinchidan, fuqarolarning budjet qarorlarini qabul qilishda ishtirok etish toʻgʻrisidagi xabardorligini oshirish ularning faol ishtirokini taʼminlash uchun muhim boʻlib, busiz fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtiroki rasmiyatchilik boʻlib qolaveradi. Shuning uchun targʻibot-tashviqot tadbirlarini kengaytirish va fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini taʼminlash mexanizmlari, uning imkoniyatlari va afzalliklari toʻgʻrisidagi xabardorlikni oshirish lozim. Bu — fuqarolarni budjetlashtirish jarayonida faol ishtirok etishga yanada ragʻbatlantiradi.
Bundan tashqari, budjet savodxonligini oshirish va shu orqali fuqarolarga budjet jarayonining barcha bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatini berish ham muhim ahamiyatga ega. Aholi vakillari nafaqat taklif berish, balki ularni muhokama qilish va jamoatchilik nazoratini talab qilish muhimligini tushungandagina tizim samaraliroq boʻladi.
Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini taʼminlash asosida moliyalashtiriladigan loyihalarning amalga oshirilishini monitoring qilishda fuqarolik jamiyati tashkilotlarining ahamiyatini kuchaytirish hamda ularni yanada kengroq jalb qilish maqsadida, trening dasturlari ayollar, yoshlar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari va boshqa yakkalangan guruhlarga qaratilgan taʼlim modullari bilan toʻldirilishi mumkin. Jarayonning meʼyoriy asosini yaratish uchun fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini taʼminlash boʻyicha ilgʻor tajribalar, yoʻriqnoma va oʻquv kurslarini ishlab chiqish, hujjatlashtirish va tarqatish muhim ahamiyatga ega.
Fuqarolarni kengroq xabardor qilish hamda ularning budjetga oid savodxonligi va bilimdonligini oshirish yuzasidan taklif etilayotgan chora-tadbirlar budjet jarayoni imkoniyatlarini, fuqarolarning ushbu jarayondagi roli hamda mahalliy hamjamiyatlar uchun eng dolzarb muammolarni yechishga qaratilgan loyihalarni ilgari surishda ularning ovozi qadrini toʻgʻri tushunish uchun juda muhimdir Amaliyotdan maʼlumki, axborot tanqisligi budjet jarayoni
ishtirokchilari, xususan oʻz loyihalarini ilgari surishdan manfaatdor boʻlgan faol fuqarolar tomonidan toʻldirilmoqda. Ovoz berish boshlanishi bilan turli hududlarda fuqarolarning oʻzi tomonidan targʻibot kampaniyasi oʻtkazilmoqda. Fuqarolar odamlar koʻp toʻplanadigan jamoat joylarida maʼlum loyihalar boʻyicha targʻibot oʻtkazib, kichik mukofotlar evaziga ovoz toʻplamoqdalar. Bunday vaziyatda fuqarolar, hattoki loyihaning mohiyatini anglamagan holda, oʻz ovozlarini (SMS-xabar) yuborishlari ehtimoli katta, bu bilan ular loyihaning yutish imkoniyatlarini oshiradilar. Nodavlat notijorat tashkilotlari jalb yetgan holda keng koʻlamli axborot kampaniyasini oʻtkazish, loyihalarni shakllantirishda fuqarolarga yordam berish boʻyicha trenerlar tayyorlash, fuqarolar bilan uchrashuvlar tashkil etish hamda tashabbusli budjet imkoniyatlari va ularning ovoz berish muhimligi yuzasidan tushuncha berish fuqarolarning tashabbuslarni ilgari surish hamda ovoz berish boʻyicha masʼuliyatini oshirishga yordam beradi.
Fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini taʼminlashning ilgʻor amaliyotlarini kengaytirish, koʻp jihatdan, moliyalashtirish imkoniyatlari mavjudligiga bogʻliq. Fuqarolar tashabbuslarini birgalikda moliyalashtirish uchun koʻplab qoʻshimcha moliyaviy manbalardan, jumladan, kraudfanding (jamoaviy moliyalashtirish), diaspora tomonidan moliyalashtirish, korporativ xayriya va boshqalardan foydalanish mumkin. Shunday qilib, davlat loyihalarini amalga oshirish uchun nafaqat davlat resurslari, balki xususiy va budjet jarayonida qatnashayotgan ishtirokchilarning mablagʻlari ham safarbar etilishi, bu orqali esa ularning hal qilinayotgan muammolardagi ishtiroki va amalga oshirilayotgan tashabbuslarning qiymatini oshirish imkoniyati yaratiladi. Mazkur imkoniyatlarning barchasi faqatgina amalga oshirish mumkin boʻlgan va jamoatchilik tomonidan qabul qilingan taqdirdagina joriy etilishi lozimligini ortiqcha taʼkidlashning hojati yoʻq.
Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlashni istardimki, BMTTD mahalliy darajadagi rivojlanish loyihalarini aniqlash va ustuvorliklarni belgilashda, ularga ovoz berishda va bajarilishini nazorat qilishda fuqarolarning toʻliq va faol ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlaydi. BMTTD fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini taʼminlash tashabbusi fuqarolarning daxldorlik hissini sezilarli darajada oshirishi va hayot sifatini yaxshilashi mumkinligiga ishonadi. Ushbu sohadagi ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganish va tahlil qilish asosida mutaxassislarimiz Oʻzbekiston hukumatiga fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini taʼminlash uslubiyotini ishlab chiqish va modelini tanlashda koʻmaklashdi. Biz Moliya vazirligi bilan “Ochiq budjet” portalini takomillashtirish boʻyicha hamkorlik qildik va hozir fuqarolar oʻz takliflarini osonlik bilan ilgari surishi, muhokamalarda ishtirok etishi va eng yaxshi loyihalarga ovoz berishi mumkin. Fuqarolarning mahalliy darajadagi faol ishtirokini taʼminlash maqsadida, BMTTD vazirlikka targʻibot-tashviqot tadbirlarini amalga oshirish hamda vazirlik hududiy boshqarmalari mutaxassislari uchun turkum treninglar oʻtkazishda koʻmaklashdi.
Garchi Oʻzbekistonda tashabbusli budjetlashtirishni joriy etish boʻyicha dastlabki qadamlar ijobiy natijalarni koʻrsatgan boʻlsada, hali oldinda budjet jarayoniga fuqarolarni keng jalb etish boʻyicha amalga oshirilishi kerak boʻlgan bir qancha ishlar turibdi. BMTTD va Oʻzbekiston Moliya vazirligi bu yoʻnalishda hamkorlikni davom ettiradi.