Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi va O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (BMMV) «O'zbekistonda yoshlar bandligiga ko'maklashish» qo'shma loyihasi doirasida aholining yordamga muhtoj qatlamlarining tadbirkorlik va mehnat tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash maqsadida tanlovni e'lon qilmoqda.
Tanlovning maqsadi COVID-19 pandemiyasi sharoitida aholining yordamga muhtoj qatlamlarining, xususan ayollar va yoshlarning ish bilan ta'minlanishi va ularning daromad manbalarini oshirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Tanlovda Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida kichik tadbirkorlik faoliyati yoki o'zi o'zini band qilish mehnat faoliyatini boshlamoqchi yoki kengaytirmoqchi bo'lgan jismoniy shaxslar, yuridik shaxs tashkil etgan yoki tashkil etmagan holdagi yakka tartibdagi tadbirkorlar va oilaviy korxonalar ishtirok etishlari mumkin.
Tanlov g'oliblariga birgalikda moliyalashtirish sharti bilan uskunalar, jihozlar, mebel, tikuv mashinalari, asboblar, texnika va boshqalar, hamda maslahatlar, amaliy mashg'ulotlar, seminarlar, mahorat darslari, o'quv qo'llanma va boshqa uslubiy yordam ko'rsatish kabi texnikaviy yordam ko'rsatiladi.
Benefitsiardan tashabbuslarni amalga oshirishda moddiy qiymat, shaxsiy mehnat, ko'chmas mulk, kichik uskunalar, transport vositalari, xom ashyo va boshqalardan iborat hissa qo'shish talab qilinadi.
Tanlov natijalariga ko'ra xar viloyatdan saralash komissiyasi tomonidan tanlab olingan 5-ta loyihaga 3 mingdan 5 minggacha AQSh dollari qiymatiga teng texnikoviy yordam ko'rsatiladi.
Tanlovda ishtirok etishni istaganlar BMMVning yuqorida eslatilgan maqsadli viloyatlardagi xududiy boshqarmalari orqali ariza topshirishlari mumkin.
Arizani ko'rib chiqishda va eng istiqbolli tadbirkorlik yoki o'zi o'zini band qilish mehnat tashabbuslarini aniqlashda 1) ayollar va yoshlar uchun ko'proq ish o'rinlarini yaratadigan; 2) ayollar yoki yoshlar, hududlardagi kasb-hunar o'quv markazlarini bitiruvchi tashabbusi bilan yaratilgan; 3) boshqa mintaqalarda tarqalish va ommalashish saloxiyatiga ega loyihalarga ustuvorlik beriladi.
Arizalar 2020 yilning 31 iyul kunigacha qabul qilinadi.
Asosiy faoliyati chakana savdo, ko'chmas mulkni ijaraga berish va tugatish xolatida bo'lgan korxonalardan arizalar ko'rib chiqilmaydi.
Texnikaviy yordam Rossiya Federatsiyasi va Yaponiya hukumatlari moliyaviy ko’magida BMTTD va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining «O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish» qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
________________________________________________________________
Qo'shimcha ma'lumot uchun: +998 93 397-75-99, Bexzod Umarov, «O'zbekistonda yoshlar bandligiga ko'maklashish» qo'shma loyihasining Jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha mutaxassisi.