O‘zbekiston Respublikasi Gender komissiyasi tomonidan, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining “Davlat boshqaruvida va ijtimoiy-siyosiy hayotda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” qo‘shma loyihasi hamkorligida 16-18 sentyabr kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O‘zbekistonda gender tengligi va qonunchilikda gender-huquqiy ekspertizasi o‘tkazishning dolzarb masalalari” mavzusida onlayn tarzda seminar trening bo‘lib o‘tdi.
2019 yilda O‘zbekistonda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 7-moddasiga ko‘ra, “normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining gender-huquqiy ekspertizasi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan faoliyatning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladi”.
Qonunga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining gender-huquqiy ekspertizasi:
· jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitish imkonini yaratadigan normativ-huquqiy hujjatning yoki uning loyihasining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash prinsiplariga muvofiq emasligini aniqlashga;
· jinsi bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitish imkonini yaratadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini qabul qilish oqibatlarini umumiy baholashga;
· normativ-huquqiy hujjatlarning qo‘llanilish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan, kamsitish xususiyatiga ega xavflarni aniqlashga;
· jinsi bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga yo‘l qo‘yadigan, aniqlangan normalarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgandir.
Shu munosabat bilan gender tenglikni taʼminlash maqsadida normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarining gender-huquqiy ekspertizasi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan faoliyatning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.
Biroq, hali gender tushunchasi, gender tengligi va uni amaliyotga tadbiq etish borasidagi mavjud stereotiplar va tushunchalardan kelib chiqib, bu boradagi bilim, tushuncha va ko‘nikmalarni o‘zgartirish, ong va madaniyatni shakllantirish, yuksaltirish masalasi o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q.
Seminar treningda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, OAV vakillari va trenerlar ishtirok etishdi. Ishtirokchilar 3 ta guruhga bo‘linib, har bir guruhda 50 nafardan deputatlar qatnashdi.
Unda asosan jalb qilingan olimlar va ekspertlar tomonidan gender tengligi inson xuquqlarining ajralmas bo‘lagi ekanligi, bu boradagi milliy va xalqaro tajriba masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birgalikda, normativ xuquqiy xujjatlarni tayyorlash va gender-huquqiy ekspertizasidan o‘tkazish tartib tamoyillari bo‘yicha ekspertlar tomonidan tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar tomonidan bu borada ish jarayonida uchrayotgan muammolar, tushunmovchiliklar o‘rtaga tashlanib, savollarga javob berildi va tajriba almashildi.