Muallif: Guzal Fayzieva
Energiya samaradorligi yo‘lidagi stereotiplarni buzgan - “Ayollar uchun bo‘lmagan kasb”
18-September, 2024
Namanganda elektrchi ayol quyosh panellarini o‘rnatishni o‘rgatmoqda
Mix qoqish, lampani burashga to‘g‘ri keladigan yumushlarni bajarishda erkak kishining yordamiga murojaat qilish odatiy hol. Ammo hikoyamizning qahramoni Mamlakat Ikromova uchun emas. Qahramonimiz, nafaqat lampochkani almashtiribgina qolmay, balki boshqa murakkabroq turdagi elektr montaj ishlarini ham bajara oladi. U bir vaqtning o‘zida turar-joy va sanoat binolariga elektr energiyasini yetkazib berish asosigacha tushuntirib berishi mumkin.
Mamlakatning kasbiy faoliyat sohasi elektr energetikasi bilan bog‘liq bo‘lib, u bu sohani yoshligidan qiziqqani uchun tanlagan. U Namangan muhandislik-pedagogika institutining Elektr Energetikasi fakultetiga o‘qishga kirib, kursning ko‘p sonli talabalari orasidan uch nafar qizlardan biri bo‘lgan. Bunday haqiqiy "erkak" kasbini tanlashiga va unga kirib borishiga, uni o'ziga bo'lgan tabiiy ishonch sabab bo’ldi. Bolaligidanoq, otasining yonida o'tirib, uning buzilgan magnitafonni ta’mirlashini kuzatganida, ta’mirdan so’ng, unda qayta tanish musiqaning yangrashi bo’lajak elektrchini hayajonga solgan edi. Keyin u shuni tushundiki, hamma joyda - uning televizordagi sevimli dasturlarida, uydagi yorug’likda va hatto osmondagi chaqmoqda ham insoniyat o’ziga bo'ysundira olgan va elektrchi, elektr chilangar, elektr muhandis, degan kasblarning yaralishiga sabab bo’lgan - elektr energiyasi bor. Mamlakat esa ulardan birini mukammal o‘zlashtirdi.
“Kursda atigi uchta qiz edik, lekin kursdoshlarimiz bizni doim hurmat qilishgan va qadrlashgan. Esimda, eng qiyin fanlardan biri “Materiallar qarshiligi” va “Elektrotexnika” fanlari edi, lekin men eng yuqori ballni aynan shu fanlardan olganman”,deb eslaydi Mamlakat. “Bolaligimdan men o’zimning qat’iyatliligim bilan ajralib turaman va stereotiplardan qo'rqmayman.”
Biroq, ayniqsa, mamlakatimiz viloyatlarida kuchli gender stereotiplari hanuzgacha o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. O‘qishni tamomlagan bo‘lsa ham, ayollar orasida diplomni chetga surib, oilaviy hayotga sho‘ng‘ib, kelin, ona va xotinlik vazifalarini birinchi o‘ringa qo‘yish kerakligini ta’kidlaydigan qarindoshlarning gapiga qarshi bormaslik uchun ishlashni unutib qo‘yadigan holatlar ham uchrab turadi. Va boshqalarni rozi qilishga urinib, ayollar ba’zida o‘z kasblarida yuqoriroq lavozimga ko‘tarilmay qoladi, rahbarlik lavozimlari haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi. Mamlakat esa oila qurib, ikki farzandi bilan elektr energetikasidek mashaqqatli ishda muvaffaqiyat va e’tirofga erishdi. Bugungi kunda u Namangan shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida elektrotexnika fanidan muhandis-o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Mamlakat shogirdlarining aksariyati erkaklar bo‘lib, hatto unga dastlab biroz shubha bilan qaraganlar ham hozir o‘qituvchini hurmat bilan “ustoz” deb chaqirishadi.
O‘zbekistonning har bir hududida faoliyat yuritayotgan “Ishga marhamat” monomarkazlarining asosiy vazifalari turli yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha kasbiy o‘quv kurslarini tashkil etish orqali ishsiz aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat. Monomarkazning asosiy afzalligi - o‘qitishning yuqori sifati. Bitiruvchilarning o‘qishni tugatganligini tasdiqlovchi monomarkazlar tomonidan berilgan sertifikat o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi diplomiga tenglashtiriladi.
Mamlakat rahnamoligida shogirdlari elektrotexnika bilimlarini o‘zlashtirib, tez orada o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlab, barcha turdagi elektr ishlari: kabel va sim yotqizish, rozetkalarni o‘rnatish, elektr tizim va jihozlarni o‘rnatish va ta’mirlash kabi ishlarni bajara oladi. Yaqinda esa o'quv dasturiga quyosh panellarini o'rnatish yo'nalishi ham kiritildi. Energiya samarador texnologiyalar va materiallar bilan ishlash bo'yicha o'qitish Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan Global Ekologik Jamg’armasi (GEF) va Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda energiya tejamkor qishloq uy-joylarini qurishni rivojlantirishga ko‘maklashish” loyihasi doirasida.
“Quyosh panellarining asosiy afzalligi - energiya manbasining mavjudligidir. Axir, na quyosh paneli va na quyoshning o‘zi parvarishlash xarajatlarini talab qiladi. Xarajatlar faqat panellarni sotib olish va o‘rnatish xarajatlari uchun kerak bo‘ladi. Bizning ahol uchun bu nisbatan yangi hodisa bo‘lib, hozircha keng tarqalgan emas, afsuski bunga kam e’tibor qatarilmoqda. Ayniqsa, elektr energiyasi tez-tez uzilib turadigan qishloq joylarda tekin, toza quyosh energiyasidan foydalanish eng yaxshi variant deb hisoblayman”, - deydi Mamlakat. “Menimcha har birimiz global miqyosda fikr yuritishimiz kerak. Quyosh panellari va issiqlik nasoslari kabi muqobil energiya manbalari nafaqat pulimizni tejash, balki kelajak avlodlar uchun tabiatni asrash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda ham yordam beradi”.
Bugungi kunda mahalliy mutaxassislarning hammasi ham quyosh panellari va boshqa energiya tejaydigan texnologiyalar bilan ishlashni bilmaydi. Mazkur yoʻnalishda malakali kadrlar tayyorlash maqsadida 2023-yil oktyabr-noyabr oylarida BMT Taraqqiyot Dasturi “Ishga Marhamat” hududiy monomarkazlari oʻqituvchilari uchun elektromontyorlar va chilangarlarni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ishlashga oʻrgatishlari uchun bir qator treninglar tashkil etdi. 2024-yilning avgust - sentyabr oylarida BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan respublika bo‘ylab joylashgan 16 ta hududiy “Ishga marhamat” markazlari uchun zarur o‘quv jihozlari – o‘quv qo‘llanmalari, shuningdek, quyosh panellari va quyosh kollektorlarining o‘quv maketlarini topshirish marosimlari o‘tkazildi. Quyosh panellari va quyosh kollektorlarining haqiqiy o'lchamdagi o'quv maketlari amaliy mashg'ulotlarni o'tkazish uchun ajoyib yechim bo’ldi. Namangan shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi o‘quvchilari ularning imtiyozlarini qadrlan ulgurishdi.
“Yuz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal”, deydi monomarkaz talabalaridan biri Ayub Rahmonov. “Har qanday ishni amalda o‘rganish yaxshiroqdir. Nazariy jihatdan, hamma narsa oddiy bo‘lib tuyulishi mumkin, lekin bu quyosh panellari qanday ishlab chiqilganligini va ular bilan ishlashni ko‘rib, nima ekanligini tushunishingiz mumkin. Endi bizning monomarkazda shunday qulay maketlar bor, ular yordamida o‘zimiz ishni sinab ko‘rishimiz mumkin. Kursni tugatgandan so‘ng, hech ikkilanmay ayta olaman, men quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsata olaman. Bir so‘z bilan aytganda, hamma narsaga qodir usta bo‘ldim”.
Quyosh nurlari Mamlakatning yangi tinglovchilarga to‘la xonasini yoritib turibdi, shogirdlar yangi mavzuni yozib olishmoqda: “Quyosh panellari va ularning ishlash tamoyillari”. Endi ular derazadan porlab turgan quyoshga daromad va qulaylik manbai sifatida qaramoqdalar. O‘zlarining elektr texnikasini chuqur biladigan o‘qituvchisiga esa, BMTning 5-sonli Barqaror Rivojlanish Maqsadi “Gender tenglikni ta’minlash va barcha ayollar hamda qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish”ning timsoli sifatida qarashmoqda. Mamlakat ushbu maqsadni amalga oshirgan holda, butun dunyoda ayollar va qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berishga chaqiradi.
“Ayol yoki erkak bo‘lishimizdan qat’i nazar, biz avvalo teng huquqlarga ega bo‘lishi kerak. Yorliqlarni yopishtirish va klishelarga asoslanish – bu stereotipli fikrlashdir, axir biz hammamiz har xilmiz va bir qolipga sig‘ib yashay olmaymiz. Barcha cheklovlar faqat boshimizda, chunki har bir inson, jinsidan qat’i nazar, faqat o‘ziga tayanishi kerak. Bu o‘z-o‘zini ta’minlash deyiladi,- deydi Mamlakat Ikromova.