BMT Taraqqiyot dasturining yangi doimiy vakilasi va Ekologiya vazirining birinchi rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) va Ekologiya vazirligi O‘zbekistondagi uzoq muddatli hamkorlikni chuqurlashtirmoqda
6-August, 2024
Toshkent, O‘zbekiston - Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining (UNDP) O‘zbekistondagi doimiy vakilasi etib tayinlangan Akiko Fujii xonim Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri janob Aziz Abduhakimov bilan birinchi rasmiy uchrashuvini o‘tkazdi. Ushbu uchrashuv umumiy yutuqlar haqida fikrlashish va kelajakdagi hamkorlikni muhokama qilish uchun maydon bo‘lib xizmat qildi.
Uchrashuvda tomonlar 2025-yildan boshlab ishga tushiriladigan va Global ekologik fond (GEF) tomonidan moliyalashtiriladigan Kichik grantlar dasturining (SGP) navbatdagi bosqichini boshlash to‘g‘risidagi bitimni rasman imzoladilar. SGP mamlakat dasturi biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha yangi milliy maqsadlar, Biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha milliy strategiya (NBSAP) va harakatlar rejasini Kunming-Monreal global bioxilma-xillik asosiga muvofiq amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Boshqa so‘z bilan aytganda, bu mahalliy jamoalarni, fuqarolik jamiyati vakillari va akademik muassasalarning xavf ostidagi ekotizim va turlarni tiklashga jalb qilish orqali texnik va moliyaviy yordam ko‘rsatadi.
Yana bir bitim BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi (UNHCR) moliyaviy yordami va BMT Yevropa Iqtisodiyot Komissiyasi (UNECE) bilan hamkorlikdagi “Yashil Makon” umummilliy loyihasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga qaratilgan. Ushbu tashabbusning keng qamrovli xususiyati ekologik maqsadlarni O‘zbekistonda yashovchi Afg‘oniston fuqarolarini “Yashil Makon” uchun ko‘chat materiallari ishlab chiqarish, ko‘chatzorlarni barpo etish va saqlashga jalb etish orqali qo‘llab-quvvatlash bilan birlashtiradi. Loyiha hukumatga rejalashtirilgan maqsadlarga erishish uchun prognozlar asosida va ekilgan daraxtlarning omon qolish darajasini hisobga olgan holda Bosh rejani ishlab chiqishda yordam beradi. Shuningdek, “Yashil Makon” tashabbusini monitoring qilish bo‘yicha mavjud axborot platformasi ham o‘rganilib, uni takomillashtirish ehtiyojlari aniqlanadi.
“Sizga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish masalalari bo‘yicha davlat rahbarining oliy maslahatchi organiga aylanadigan Iqlim kengashi tashkil etilgani haqida xabar berishdan mamnunman. Hozir biz nafaqat Ekologiya vazirligi, balki butun ekologik kompleksni tubdan o‘zgartirish jarayonida turibmiz. O‘zbekistonda ekologik muammolarni bartaraf etish va atrof-muhitni boshqarish tizimini takomillashtirish ustuvor vazifa hisoblanadi”, — dedi Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov.
“BMT Taraqqiyot dasturi hukumatning tabiatni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlaydi. Kolumbiyadagi COP16, Saudiya Arabistonidagi COP16 va Ozarbayjondagi COP29’da biologik xilma-xillik, cho‘llanish va iqlim muammolariga o‘zining qat’iy sodiqligini va faol javobini ko‘rsatayotgan O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashni intiqlik bilan kutamiz. Vazirlik bilan hamkorligimizni chuqurlashtirish va jamoaviy ta’sirimizni oshirish vaqti keldi”, deya ta’kidladi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii.
Bioxilma-xillikni saqlashni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida BMT Taraqqiyot Dasturi GEF tomonidan moliyalashtiriladigan loyiha orqali sakkizta tabiatni muhofaza qilish hududiga 2 milliard so‘mdan ortiq qiymatdagi zarur uskunalarni taqdim etdi. Qo‘riqlanadigan hududlarning har biriga durbinlar, kameralar, GPS qurilmalari, printerlar, alpinist chodirlari, dala formalari, uyqu qoplari, shuningdek, avtomatik ob-havo stansiyalari, termometrlar va optik mikroskoplar kabi o‘lchov asboblari to‘plami taqdim etildi. Shuningdek, taqdim etilgan tuzoq kameralari va qo‘shimcha quvvatlanuvchi batareyalar xodimlarga yil davomida yovvoyi tabiat, inson faoliyatini kuzatish va ushbu qo‘riqlanadigan hududlarda huquqbuzarliklarning oldini olish imkonini berdi. Bundan tashqari, “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘ida dala monitoringi stansiyasi tashkil etildi. Suv-botqoqli hududlarda tabiatni muhofaza qilish ishlarini kuchaytirish maqsadida muhofaza etiladigan Orol dengizi hududlariga muzlatkich va tuzsizlantirish moslamasi bilan jihozlangan avtomashina va boshqa zarur jihozlar berildi.
Ushbu uchrashuv BMT Taraqqiyot Dasturi va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi o‘rtasidagi mustahkam va uzoq yillik hamkorlikni urg‘ulaydi. Har ikki tomon O‘zbekistonda barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘lida ishlamoqda va ayni paytda amalga oshirilayotgan olti nafar qo‘shma loyiha va rejalashtirilayotgan sakkiz nafar loyiha doirasida yaqindan hamkorlik qilib keladi.
Tafsilotlar uchun quyidagi manzilga murojaat qiling:
Shaxnoza Zafariy, BMT Taraqqiyot Dasturining (UNDP) O‘zbekistondagi kommunikatsiyalar koordinatori
Elektron manzil: shakhnoza.zafari@undp.org
Telefon: +998935547895