Farg‘ona vodiysida aholi ko‘nikmalarini pandemiyadan keyingi iqtisodiyotga moslashtirish
4-January, 2023
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi tomonidan 2022-yilning 12-28-dekabr kunlari Farg'ona vodiysi viloyatlarida aholining kam ta’minlangan qatlamlari uchun moliyaviy savodxonlikni oshirish va oila moliyasini boshqarish bo‘yicha bir qator o‘quv seminarlari tashkil etildi va o‘tkazildi.
Treninglarda 180 nafardan ortiq tadbirkorlik faoliyatini endi boshlayotganlar, oliy o‘quv yurtlari talabalari va bitiruvchilari va “Ishga marhamat” bandlikka ko‘maklashish monomarkazlarida mutaxassisliklar bo‘yicha tahsil olayotgan va ishga joylashish istagida bo‘lganlar qatnashdi.
Mini-ma'ruzalar, guruh mashg'ulotlari, o'yin keyslari shaklida o'tgan mashg'ulotlarda BMT TD biznes-trenerlari Alisher Islomov va Lola Razzakova ish haqi, xarajatlar, jamg'arma, sarmoya va kreditlarni boshqarish bo'yicha bilim va ko'nikmalarini o'rtoqlashdilar.
Moliyaviy savodxonlikka erishish bo‘yicha yo‘l xaritasini yaratish, daromad manbalarini to‘g‘ri tashkil etish, xarajatlarni malakali boshqarish, oila byudjetini rejalashtirishda Eyzenxauer matritsasidan foydalanish, oilada ayollar va erkaklarning o‘rni va moliyaviy boshqaruvdagi o‘ziga xosligi, soliqlar, sug'urta haqida umumiy tushuncha va uning oila byudjetini himoya qilishdagi o'rni, moliyaviy savodxonlik kabi masalalar haqida batafsil ma'lumot berildi.
Treninglar davomida barcha toifadagi ishtirokchilar oʻrtasida samarali oʻzaro aloqalarni yaratish mumkin boʻldi: muhokamalar davomida tadbirkorlar amaliyotdan real misollar bilan oʻrtoqlashdilar, talabalar muhokama qilinayotgan masalalarning nazariy jihatlari haqida gapirdilar, qolgan barcha ishtirokchilar esa muhokamani kundalik hayotdagi misollar bilan toʻldirdilar. Bularning barchasi muhokama etilayotgan masalalarga turli tomonlardan oʻrganish imkonini yaratib, mashg‘ulotlar samaradorligini oshirdi.
Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda BMTTDning “Farg‘ona vodiysida aholi ko‘nikmalarini pandemiyadan keyingi iqtisodiyotga moslashtirish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.