O‘zbekiston ilk bor 4,25 trillion so‘mlik “yashil” suveren yevroobligatsiyalarni London fond birjasida joylashtirdi
9-October, 2023
O‘zbekiston 660 million AQSH dollari qiymatidagi yevroobligatsiyalarni va 4,25 trillion so‘mlik dastlabki “yashil” suveren yevroobligatsiyalarini London fond birjasida muvaffaqiyatli tarzda joylashtirdi. 2-4 oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy banki masʼul xodimlari tomonidan Nyu-York, Boston va London shaharlarida “road-show”lar o‘tkazilib, ular davomida 50 dan ortiq sarmoyadorlar ishtirokida O‘zbekistonning iqtisodiy istiqbollari muhokama qilindi.
Investorlar tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, energetika sohasini liberallashtirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish orqali savdoni erkinlashtirishga qaratilgan islohotlarga yuqori baho berildi. Bu tashabbuslar «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan maqsad va chora-tadbirlarga hamohangdir. Taʼkidlash joizki, so‘mda chiqarilgan yevroobligatsiyalar Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)dagi birinchi “yashil” suveren obligatsiyalardir.
“Yashil” obligatsiyalar biznesni barqaror rivojlantirishga, jumladan, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillariga ortib borayotgan eʼtiborga mos keladigan ekologiya va “yashil” moliyalashtirish sohasidagi prinsip, standart va mezonlarga muvofiq keladi. “Yashil” obligatsiyalar vositasida emitentlar atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik sharoitlarni yaxshilash bilan bog‘liq loyihalarni moliyalashtirishni taʼminlaydi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taʼkidlanishicha, mazkur “yashil” obligatsiyalardan tushadigan mablag‘lar suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, temir yo‘l va metro transporti tizimini kengaytirish, aholi punktlarida sanitar tozalash ishlarini tashkil etish tashabbuslari, shamol eroziyasiga va suv havzalarining loyqalanishiga qarshi kurashish uchun ihota daraxtzorlarini barpo etish kabi atrof-muhitni muhofaza qilishga yo‘naltirilgan loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Global miqyosda qabul qilingan “yashil” standartlarga muvofiqlikni taʼminlash uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda talablarga javob beradigan loyihalarni sinchkovlik bilan tanlab olmoqda. Bu 2021 yil mart oyida boshlangan va 2022 yilda tomonlar o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumining imzolanishi bilan kengaytirilgan uzoq muddatli hamkorlikning davomi bo‘lib, mazkur memorandum yevroobligatsiyalar chiqarilishini Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga muvofiqlashtirishga hamda aholi va investorlar uchun ochiqlik va masʼuliyatni oshirishga qaratilgan. Birgalikda olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida davlat moliyasini boshqarishning turli sohalarida qo‘llanadigan samaradorlik monitoringi mezon va ko‘rsatkichlari bo‘yicha muvofiqlikni taʼminlash, davlat tomonidan qarz olinishi jarayonida barqarorlik bilan bog‘liq mulohazalarni hisobga olish hamda BRM obligatsiyalari va “yashil” suveren obligatsiyalarni chiqarishda texnik yordam ko‘rsatish uchun kompleks vositani taʼminlovchi BRM obligatsiyalar tizimi yaratildi. Shuningdek, BMTTD taʼsirni baholash metodologiyasini ishlab chiqish, taʼsir monitoringini o‘tkazish, institutlar salohiyatini mustahkamlash va soha vazirliklari uchun treninglar o‘tkazish orqali Hukumatni qo‘llab-quvvatladi.
BMTTDning mazkur “Yashil obligatsiyalar” tashabbusidagi keyingi ishtiroki obligatsiyalarni chiqarishdan tushgan mablag‘larning “yashil” loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi, taʼsirning keng qamrovli va shaffof monitoringi o‘tkazilishi hamda investorlar va keng jamoatchilikning “yashil” investitsiyalarning mamlakatni rivojlantirish dasturiga taʼsiri to‘g‘risida muhim maʼlumotlarga ega bo‘lishini taʼminlashga qaratilgan.
BMTTD “yashil” moliyalashtirish sohasidagi tashabbuslar hamda “yashil” va barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni ilgari surishda O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.