Termiz Yoshlar Markazi: Surxondaryo viloyatida yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish uchun yangi tashabbus
22-October, 2024
Termiz, O`zbekiston – Bugun Termiz Davlat Universiteti “Termiz Yoshlar Markazi” ochilish marosimiga mezbonlik qildi. Ushbu markaz BMT Taraqqiyot Dasturining loyihasi doirasida va Yaponiya hukumati moliyaviy ko`magida tashkil etildi.
Marosim Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulov, Yaponiyaning O`zbekistondagi elchisi janob Takashi Hatori va BMT Taraqqiyot dasturining O`zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii ishtirokida o`tkazildi.
Aholining 60 foizini 30 yoshgacha bo`lgan O`zbekistonda yoshlar masalasi, ularning o`z salohiyatini ro`yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratish alohida ahamiyatga egadir. Yoshlar ijobiy o`zgarishlar tashabbuskorlari, innovatsiyalar, yangi g`oyalar manbasi va taraqqiyot masalalariga yechim topishda muhim omildirlar. Ularning roli mamlakatimizda tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2024-yilning “Yoshlar va biznesni qo`llab-quvvatlash yili” deb e`lon qilinishi buni yana bir bor ta`kidlaydi, hamda yoshlarga oid siyosatdagi milliy sa`y-harakatlarni inson huquqlarini ta`minlash va kuchli iqtisodiyotni barpo etishga qaratilgan yangi bosqichga ko`tardi.
Ixtisoslashgan markazlar yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishda milliy sa`y-harakatlarni yanada kuchaytirishda alohida o`ringa egadir. “Termiz yoshlar markazi” BMT Taraqqiyot dasturining yoshlar o'z to'liq salohiyatlarini ochishlari uchun qulay sharoitlar yaratish uchun O`zbekistondagi “Yoshlar va biznesni qo`llab-quvvatlash yili” Davlat dasturini qo'llab-quvvatlovchi muhim tashabbuslaridan biridir. Mazkur markaz informatsion texnologiyalar bo`yicha kasbiy ko`nikmalarga o`qitish, tadbirkorlik va xorijiy tillar kurslari kabi xizmatlarni taklif etadi. Bundan ko`zlangan asosiy maqsad ta`lim va bandlik o`rtasidagi tafovutni bartaraf etish, yoshlarning muvaffaqiyatga erishish uchun zarur vositalarga ega bo`lishini ta`minlashdir.