Farg‘ona vodiysi qishloq xo‘jaligida qiymat zanjirlarini optimallashtirish: treninglar va qo‘llab-quvvatlash
9-August, 2024
Joriy yilning 5-7-avgust kunlari BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligidagi qo‘shilgan qiymat zanjirlarini (QQZ) yaxshilashga qaratilgan treninglarni o‘tkazdi.
Treninglar quritilgan meva va sabzavotlar, meva va sabzavot sharbatlari, pyurelar, murabbolar, pastalar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan asosiy sohalarni qamrab oldi.
QQZ ma’lumotlariga jalb qilingan fermer, agroishlab chiqaruvchi va tadbirkorlar tadbirda meva va sabzavotlarni qayta ishlashning eng samarali va ekologik toza texnologiyalari, ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish va kengaytirish, shuningdek sertifikatlash, standartlashtirish, marketing va xorijiy bozorga chiqish haqida ma’lumot oldilar.
Ushbu treninglardan asosiy maqsad ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va yangi bozorlarni zabt etish bo‘lib, ular Farg‘ona vodiysida qishloq xo‘jaligidagi QQZlarni mustahkamlash bo‘yicha kompleks dasturining bir qismidir. Dastur faqat treninglar bilan cheklanib qolmay, shuningdek, benefitsiarlar uchun maslahatlar va eng yaxshi biznes g‘oyalarga texnik yordam ko‘rsatishni ham o‘z ichiga oladi.
Nima uchun QQZni optimallashtirish kerak?
Qo‘shilgan qiymat zanjiri (QQZ) mahsulot ishlab chiqarishdan oxirgi iste’molchiga yetib borguncha amalga oshiriladigan ketma-ket harakatlarni o‘z ichiga oladi. QQZni optimallashtirish biznes samaradorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish va daromadni ko‘paytirishga imkon beradi.
Ushbu dastur ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqich, 5-7-avgust kunlari bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilarga qishloq xo‘jaligida muvaffaqiyatli tadbirkorlik talablariga muvofiq samarali biznes modellarini yaratish bo‘yicha ta’lim berildi. Ikkinchi bosqichda esa eng istiqbolli loyihalar tanlab olinadi va ularga maslahat va texnik yordam ko‘rsatiladi.
Treninglar Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan BMT Taraqqiyot Dasturining “Markaziy Osiyoda savdoni rivojlanishga ko‘maklashish (IV bosqich)” loyihasi doirasida o‘tkazildi. Loyiha, asosan, Markaziy Osiyo mamlakatlariga “yashil” qiymat zanjirlarini rivojlantirish va iqtisodiyotlar raqobatbardoshligini oshirish orqali inklyuziv va barqaror o‘sishni rag‘batlantirishda yordam ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lib, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va COVID-19 oqibatida yuzaga kelgan yangi tendensiyalarga moslashish orqali yanada bardoshli, xavfsiz va gender masalalarini hisobga oluvchi iqtisodiy tuzilmalarni shakllantirishga hissa qo‘shadi.