O‘zingizni Markaziy Osiyoning aholi eng zich joylashgan O‘zbekistondagi Farg‘ona viloyatining kichik bir aholi yashash maskani hokimi deb tasavvur qiling. Bu yerdagi ko‘plab ko‘rg‘onlarda aholi toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega emas, va iste’molchilarning taxminan uchdan ikki qismi kuniga olti soatdan kamroq davomida suv ta’minotiga ega bo‘lishadi. Natija ushbu jamoalarda yashovchi bolalar va kattalar orasida suv orqali yuqadigan kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi yuqori ekanligi kuzatiladi.
Hokim sifatida infratuzilmani yaxshilashni istaysiz, toki aholi eski suv ta’minoti tizimidan qolgan kanallardagi ifloslangan suvdan ichmasligi uchun infratuzilmani yaxshilashni istaysiz. Ammo ushbu infratuzilmaviy loyihalarni qanday qilib moliyalashtirish mumkin?
Pirovard natijada, xavfsiz va narxi arzon bo‘lgan ichimlik suvidan foydalanish imkoniyati insonning asosiy huquqlaridan va ayni paytda 6 Barqaror rivojlanish maqsadining (BRM) asosiy vazifalaridan biri deb hisoblanadi. Ammo O‘zbekistonda rivojlanish sohasidagi loyihalarning yetarli darajada moliyalanmasligi (COVID-19 inqirozining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari va ekologik tahdidlar bilan birga) sababli 2030 yilgacha ushbu maqsadga va boshqa BRM ga erishish qiyinrok bulishining ehtimolligi yuqori.
O‘zbekiston hukumati, Barqaror rivojlanish sohasidagi Kun tartibiga qat’iy sodiqligiga qaramay, mamlakat ehtiyojlarini qondirish sohasidagi moliyalashda taqchillik o‘sib borayotganligiga duch kelmoqda. 2019 yildagi hisob-kitoblarga ko‘ra, milliy BRM ga erishish uchun har yili kamida 6 milliard AQSh dollari hajmida qo‘shimcha moliyalash talab etiladi. Pandemiya sustlashganidan so‘ng qayta ko‘rib chiqilgan ma’lumotlar shuni kursatadiki, COVID-19ga oid tashqi shok va uning ichki ta’sirini bartaraf etish uchun 4 milliard AQSh dollari yoki mamlakat YaIM ning 7 foizi hajmida qo‘shimcha tashqi moliyalash talab qilinadi.
Rivojlanish sohasidagi loyihalar uchun xususiy moliyalashtirishni jalb qilish
Moliyalashtirishdagi ushbu taqchillikni bartaraf etish uchun ham davlat, ham xususiy resurslarni safarbar etish uchun anchagina ko‘shimcha va muntazam sa’y-harakatlar talab qilinadi. Davlat va xususiy sarmoyani jalb qilish uchun choralarning biri sifatida O‘zbekiston hukumati impakt-investorlar va institutsional xaridorlar uchun suveren BRM obligatsiyalarini muomalaga chiqarib, obligatsiyalarlarning milliy BRM maqsadlari va ko‘rsatkichlariga muvofiqligini ta’minladi. Bu maqsadda BRM obligatsiya bo‘yicha Asosiy dastur ishlab chiqilib, unda qaysi loyihalar moliyalanish huquqiga ega ekanligi, obligatsiyalardan daromadlarning kelib tushishi qanday kuzatilishi hamda nazorat qilinishi va obligatsiyalarning muomalada bo‘lishi davrida yillik tartibda hisobdorlik taqdim qilinishi belgilangan.
Yangi obligatsiyalar yetti soha bo‘yicha BRM ga yo‘naltirilgan davlat loyihalarini moliyalashtirishga yordam beradi: ta’lim (4 BRM); suv resurslarini boshqarish (6 BRM); sog‘lik (3 BRM); yashil transport (9 va 11 BRM); ifloslanishga qarshi kurash (11 BRM); tabiiy resurslarni boshqarish (13 va 15 BRM); va yashil energiya (7 BRM).
Masalan, Farg‘ona viloyatining butun aholisi uchun xavfsiz va arzon narxli ichimlik suvidan foydalanishga teng imkoniyatlarni ochuvchi suv infratuzilmasi loyihasi bir necha BRM ga mos keladi, va shu tarzda obligatsiyalarni sotishdan tushadigan mablag‘lar hisobidan moliyalanish huquqiga ega.
Mamlakat uchun bu BRM ga erishish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi. U O‘zbekiston milliy strategiyasining ustuvorliklarini mustahkamlash bilan birga moliyalash manbasini aniqlaydi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun real imkoniyatlarni yaratadi.
O‘zbekistonning BRM obligatsiyalari xorijiy investorlar uchun qanchalik jozibali?
Xususiy sektorning barqaror rivojlanish sohasidagi loyihalarida yanada keng ishtirok etishini rag‘batlantirish uchun O‘zbekiston hukumati 2017 yildayoq ochiqroq bozor iqtisodiga o‘ta boshladi.
Iqtisodiy siyosatning asosiy choralari narxlar, savdo tariflari va ayriboshlash kursini liberallashtirishni, iqtisodiyotni xususiy tashabbuslar, xalqaro savdo uchun ochishni, korxonalar va uy xo‘jaliklariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliqlarni qisqartirishni qamrab olgan. Bunday liberallashtirilgan iqtisodiy siyosat O‘zbekistonga butun dunyodagi biznes vakillari uchun jozibali bo‘lishga yordam berdi,
Islohotlar kun tartibidagi baland maqsadlar O‘zbekistonga 2021 yil iyul oyida London fond birjasida BRM obligatsiyalarini joylashtirgan dunyodagi birinchi mamlakatlardan biri bo‘lishiga yo‘l ochdi. Qisqa vaqt davomida ushu obligatsiyalarga bo‘lgan talab oshdi va foiz stavkasi O‘zbekiston uchun foydali bo‘lib qolaverdi. Jahon investorlari tomonidan ko‘rsatilgan yuqori darajada qiziqish O‘zbekistonga nisbatan moliyaviy ishonch o‘sayotganini hamda hukumat amalga oshirayotgan islohotlarga investorlarning ishonchini tasdiqlaydi.
Butun dunyoda BRM obligatsiyalari xalqaro institutsional investorlar uchun jozibalidir, bu esa aksariyat hollarda obuna limitidan oshib ketishga sabab bo‘ladi. Ayni paytda emitent mamlakatlar tushumlar bo‘yicha ishonchli va aniq o‘lchamlarni ta’minlashi, shuningdek moliyalashtirish uchun tanlangan loyihalar BRM ga erishishga jiddiy ta’sir ko‘satishi kutilmoqda.
Amalda, Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, «investorlarga o‘z portfelidagi ekologik, ijtimoiy va boshqaruvga oid tavakkachiliklarni qanday qilib qisqartirishi mumkinligini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar bilan birga, sarmoyalari jamiyat hayotiga qanday ulush qo‘shayotganligi haqidagi ma’lumotlar ham zarur».
BMTTD va hukumat BRM obligatsiyalaridan tushuvchi daromadlarning o‘zlashtirilishi ustidan har tomonlama va shaffof monitoringni ta’minlash ustida ishlashmoqda hamda ushbu investitsiyalar O‘zbekiston tomonidan rivojlanishidagi maqsadlarga yetishga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida barcha zarur axborotni investorlar va keng jamoatchilikka yetkazishga intilishadi.